Nukusda ikki qavatli bino yonib ketdi

Kecha, 22 avgust kuni soat 19:55 daqiqa o‘tganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan “Simurk-Tort Nukus” MChJga tegishli binoda yong‘in sodir bo‘lgan, deb xabar bermoqda Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi.

Tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 20:33 da qurshab olinib, soat 20:55 da bartaraf etilgan. Yong‘inga jami 5 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmagan.

Yong‘in oqibatida “Simurk-Tort Nukus” MChJga qarashli ikki qavatli binoning 150 kv.m maydonda tom va shift qismi yonib zararlangan. Yong‘indan binoning 90 kv.m maydoni saqlab qolingan.

Yong‘in sababi payvandlash ishlarini olib borishda yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi, deb taxmin qilinmoqda. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.