12 mart kuni Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisini 2021 yil 12 mart kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Bular - «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni, qolaversa, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi, «Ekologik audit to‘g‘risida»gi, «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlardir.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar, tashqi ishlar, adliya vazirlarining axborotlari, Surxondaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitilishi va boshqa masalalarni ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.