12 ta ruxsat berish tartib-taomili bekor qilinadi

Bu orqali tadbirkorlar bir yilda o‘rtacha 26 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ tejaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining oxirgi yalpi majlisida o‘nga yaqin masala ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.  Jumladan, “Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda vakolatli organlar mas’uliyatini oshirish, shuningdek litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Mazkur loyiha bilan Bojxona, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida”, “Eksport nazorati to‘g‘risida”, “Turizm to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

IIB xodimiga ham ma’muriy chora ko‘riladi

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy organlari tomonidan 2023-2024 yillar davomida 12 ming 471 ta, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy organlarida tomonidan 919 ta, bojxona qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan esa 38 ta, Mudofaa vazirligi va uning hududiy organlari tomonidan faqat 2024 yilda 269 ta qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Albatta, aniqlangan holatlar bo‘yicha taqdimnoma va ogohnoma kiritilgan. Endi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun harbiy xizmatchilar, shuningdek ichki ishlar organlarining hamda Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini umumiy asosda ma’muriy javobgarlikka tortish belgilanmoqda. Ya’ni, davlat xizmatini ko‘rsatishda qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar jazolanishi kerak.

Xizmat ko‘rsatish tartibi buzilmasin!

Aslida qonunchilikdagi asosiy maqsad shu - xizmat ko‘rsatish tartibi buzilmasin! Lekin gohida turli sabablar bilan bu borada qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yiladi. To‘g‘ri, buning uchun javobgarlik choralari ko‘zda tutilgan.

Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 230-moddasi uchinchi qismiga asosan tibbiyot muassasasining mansabdor shaxslari tomonidan tug‘ilishni va o‘limni o‘z vaqtida qayd etishni ta’minlash choralarini ko‘rmaganlik, xuddi shuningdek tug‘ilganlik to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomani yoxud o‘lim haqidagi, shu jumladan perinatal o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy guvohnomani noto‘g‘ri va (yoki) noaniq to‘ldirganlik uchun javobgarlik belgilangan.

2024 yilda tug‘ilishni qayd qilishda tibbiyot muassasalari tomonidan 41 ming 186 ta qonunbuzilishi (muddat buzilishi) holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

O‘limni qayd qilishda tibbiyot muassasalari tomonida kuzatilgan bunday holat 2 ming 371 tani tashkil qilgan.

To‘g‘ri, birinchi holat bo‘yicha 319 nafar, keyingisida esa 90 nafar tibbiyot muassasalarining rahbar va mas’ul xodimlariga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

O‘rganishlarda davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi buzilganda javobgarlik masalasida turli nomuvofiqliklar borligi aniqlangan. Shu bois, ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari muvofiqlashtirilmoqda. Bu bilan davlat xizmatini ko‘rsatishda sifat va samaradorlikka erishiladi.

Ko‘lami keng o‘zgartish

Yangi qonun bilan 12 ta litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomili bekor qilinayotganini shunday nomlash mumkin.

Masalan, ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyat uchun litsenziya; eksport nazorati ob’yektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma olish shart bo‘lmaydi.

Mazkur 12 ta ruxsat berish tartib-taomili bekor qilinishi natijasida yiliga o‘rtacha 1,8 mingdan ortiq tadbirkor 26 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ini tejaydi.

Bundan tashqari, neft mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun avval xabarnoma bo‘lgan tartib-taomil ruxsat berish tartibiga o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, yong‘inni avtomatik tarzda o‘chirish va yong‘in signalizatsiyasi qurilmalarini montaj qilish, sozlash, ta’mirlash hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziya olinishi belgilanmoqda.

Qonunchilikka qurilish loyihalari ekspertizasini o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun guvohnoma olish shart, degan norma kiritilyapti.

Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash uchun ob’yektning (omborning) yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida esa xulosa bilan ish boshlash mumkin bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub’yektlarining litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish jarayonlarini soddalashtirishga, ortiqcha byurokratik talablarni qisqartirishga hamda mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Diyor HUSANOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.