14 hududda “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkaziladi
Shu yilning 12 mart kuni yurtimizda sog‘lom turmush tarzini yanada keng targ‘ib etish maqsadida mamlakatimizning 14 hududida bir vaqtda “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari tashkil etiladi.
Beshinchi bor tashkil etilayotgan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari to‘rtta yo‘nalishda o‘tkaziladi. Ya’ni, 21 kilometr, 42 kilometr, 10 va 3 kilometrli ommaviy yugurish dasturlari, shuningdek, bir kun oldin 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi kichik yugurish musobaqalaridan iborat bo‘ladi.
Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Yangi Nafas” yugurish musobaqalari “Toshkent marafoni” sifatida Xalqaro yengil atletika federatsiyasi taqvimidan joy olgan bo‘lib, uning natijalari reyting ko‘rsatkichlarida qayd etiladi.
“Yangi Nafas” yugurish musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida ishchi guruh shtabi ish boshlagan. Hozirda musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish ishlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun: mazkur yugurish marafoni Samarqanddagi "Buyuk Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazida «Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda — birga yuguramiz!» shiori ostida tashkil etiladi.