14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni: “Harbiylikka havasim ortdi!”
- Amakim Bahriddin Xudoyberdiyev boshqa davlatda uch yil harbiy xizmatda bo‘lgan. U menga armiya taassurotlari haqida gapirib berganda ko‘nglimda harbiy bo‘lish orzusi paydo bo‘lgandi. To‘g‘ri, amakim xizmati davomida boshidan ko‘pgina qiyinchiliklarni ham o‘tkazgan, ammo barchasiga bardosh berib, yigitlik burchini o‘tab qaytgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar uchun keng imkoniyatlar, qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Bunga yaqinda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlar qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Qahramon Ochilovning yoshlar bilan uchrashuvida yana bir bor amin bo‘ldim. Harbiylikka bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi.
Bu gaplarni Vatanparvarlik oyligi doirasida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da qatnashgan jomboylik Bobur Oblaberdiyev aytdi.
Samarqand shahridagi yoshlar markazida o‘tkazilgan uchrashuvda 200 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Ularning aksariyati “Yoshlar daftari” tizimi orqali safarbarlik chaqiruv rezervi hamda haydovchilik guvohnomasiga o‘qish xarajatlari qoplab berilgan yoshlardir. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar va murojaatlarni o‘rtaga tashladi.
Masalalarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi. Jumladan, Samarqand davlat universiteti talabasi Akmal O‘sarov harbiy psixolog sifatida ishga qabul qilinadigan bo‘ldi.
Tadbir davomida yoshlarga harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi va Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazi orkestr jamoasining chiqishlari namoyish etildi.
G‘ofirjon Bobobekov.