15 ming ishtirokchini ortda qoldirgan «Jomboy tongi» gazetasining muxbiri qaysi tanlovda g‘olib bo‘ldi?
Aniqlik kiritamiz. Demak, adliya vazirligi tomonidan aholida qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish hamda qonunchilikdagi yangiliklar bilan doimiy tanishib boradigan bilimdon fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida tanlov tashkil etilgan edi. Taqdirlash marosimida esa adliya vazirligi yil davomida o‘tkazgan barcha tanlovlar, ya’ni o‘quvchilar o‘rtasida insholar tanlovi, jurnalist, blogerlarning jurnalistik materiallari uchun, shuningdek, «Yilning eng yaxshi huquqiy savodxon fuqarosi» va boshqa tanlovlar g‘oliblari ham taqdirlangan.
«Jomboy tongi» gazetasi muxbiri esa aynan o‘sha, viktorina shaklida o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi huquqiy savodxon fuqarosi» tanlovida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
- Joriy yilning 8 oktyabridan 8 noyabriga bo‘lgan muddatda adliya vazirligining huquqiy axborot kanalida jamiyatdagi qonun-qoidalar bilan bog‘liq savollarga ishtirokchilar javob bera boshladi, - deydi Orifjon Odilov. – Bu tanlovning 1-bosqichi bo‘lib, unda 15 ming 368 nafar qatnashchi ishtirok etdi. Birinchi bosqichdan 200 kishi o‘tgach, 2-bosqichda test savollar onlayn tarzida berilib, darhol javoblari e’lon qilindi. Uchinchi bosqich adliya vazirligida bo‘lib o‘tdi. Unda adliya vaziri va uning o‘rinbosarlari shaxsan test savollaridan o‘tgan 21 nafar ishtirokchining huquqiy savodxonligini tekshirib ko‘rdi. Shu tariqa barcha bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tdim.
Malayziyaga ikki kishilik yo‘llanmani qo‘lga kiritgan huquqiy savodxon hamkasbimizni bu muvaffaqiyat bilan qutlaymiz!