15 yoshli o‘quvchi ko‘prikdan suvga sakrab, o‘z joniga qasd qildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Qashqadaryoda 15 yoshli o‘quvchining jasadi kanaldan topildi” mavzusidagi xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

2019 yilning 19 oktyabr kuni Qarshi tumani Xoniyon MFY, Yuksalish ko‘chasida yashagan, voyaga yetmagan Rahim A. (2004 yilda tug‘ilgan, 7-maktab o‘quvchisi) “Qarshi bosh kanali”ning Dasht qishlog‘idan oqib o‘tuvchi qismidagi ko‘prikdan suvga sakrab, o‘z joniga qasd qilgan.

Holat yuzasidan ishga aloqador 7-umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori va ishchi-xodimlaridan hamda o‘quvchilardan tushuntirishlar olingan.

Aniqlanishicha, o‘quvchi Rahim A.ning mobil telefonida uyatsiz videolar yozilganligi sababli sinf rahbari tomonidan onasi maktabga chaqirtirilgan. Onasi maktabga kelib, o‘g‘liga tanbeh qilganidan so‘ng Rahim A. maktabdan yugurib chiqib ketib, kanal tomonga ketganligi, sinfdoshlari esa uning orqasidan borishgani va Rahim A.ni uzoqdan o‘zini kanalga tashlaganini ko‘rishgan.

Voyaga yetmagan Rahim A.ni shu kuni hech kim urib, haqorat qilganligi holati aniqlanmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tekshirish davomida Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Qarshi tumani IIB, voyaga yetmaganlar bo‘yicha idoralararo komissiya va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.