16 avgust kuni O‘zbekistonga 40 nafar rossiyalik shifokorlar keladi
Yaqinda Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri M.Murashko bir guruh rossiyalik shifokorlar koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun O‘zbekistonga kelishini ma’lum qilgan edi.
- Ikki kundan so‘ng yurtimizga rossiyalik 40 nafar mutaxassis koronavirusga qarshi kurashda ko‘maklashish uchun kelishlari kutilmoqda, - dedi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Barno Abdusamatova AOKA huzurida bo‘lib o‘tgan brifingda. - Bir oy davomida ular o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab, amaliy-uslubiy yordam berishadi. Guruh tarkibidagi anesteziolog, reanimatolog, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, epidemiolog, terapevt va kardiologlarning barchasi COVID-19’ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha tajribaga ega.
Rossiyalik mutaxassislar yaqindagina Qozog‘istonda bo‘lib, u yerda ham koronavirusga chalingan bemorlarni davolash ishlarida ishtirok etishgan.