17 yoshli maktab o‘quvchisi chaqmoq urgan samolyotdan uloqtirildi

U qanday qilib o‘z hayotini saqlab qoldi va Amazon changalzoriga taslim bo‘lmadi.

1971 yilning 24 dekabrida 86 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan samolyot Lima xalqaro aeroportidan Peruning yirik shahri Ikitosga yo‘l oldi. Qarindosh va do‘stlari bilan tez orada uchrashishini reja qilgan yo‘lovchilarning barchasi ko‘tarinki ruhda edi. Uchishidan yarim soat o‘tib, samolyot Peru osmonida izsiz g‘oyib bo‘ldi. 10 kundan keyin qutqaruvchilar tropik o‘rmonda olib borilayotgan qidiruvni to‘xtatishdi. 12 kunda esa aqlbovar qilmaydigan qiyinchiliklardan o‘tib, 17 yoshli Yuliane Kyopke topilib keldi.

Yuliane onasi bilan birga otasining oldiga ketayotgan edi. Qiz baxtiyor edi, lekin negadir onasining yuragi g‘ash bo‘lib turardi. Ob-havo noqulayroq bo‘lgani sababli uchuvchilar samolyotni yomg‘irli dovon osha uchib o‘tishga qaror qilishdi. Afsuski, chaqmoq samolyotning o‘ng qanotiga urildi va yonilg‘i bak yonib ketdi. Baqir-chaqir boshlandi, Yulianening onasi unga “Tamom, bu oxiri” deb aytdi. Uchoq chakalakzorga qarab tushishni boshladi.

Fyuzelyaj yoni chirsillab yorilib, noxosdan Yuliane o‘tirgan kamar bilan bog‘langan kursini salondan uloqtirib yubordi. U taxminan 3 kilometr balandlikdan pastga qarab tushib ketdi. Birnecha soat o‘tib, u yelka suyagi singan, tizasi yorilgan va tanasidagi ko‘p kesilishlardan og‘riq sezib o‘ziga keldi. Ammo jiddiy jarohatlarsiz u o‘rnidan turishga va hatto bu yerni tark etishga muvaffaq bo‘ldi.

Yulianening qanday qilib omon qolganligi to‘g‘risida bugungi kunlarda ham bahslar olib boriladi. Birov uning daraxt tepasidagi shox barglariga ilinishi natijasida yerga qo‘nishi yumshagan desa, boshqa birov kursi vertolyot parragi vazifasini bajarib chayqalgan, shuning uchun uning yerga qo‘nishi nisbatan yumshoq bo‘lgan deb aytadi. Nima bo‘lganda ham mo‘’jiza yuz berdi.

Afsuski, 17 yashar o‘quvchi uchun faqatgina mo‘’jizaning o‘zi yetarli emas edi. Erkin uchib, qulashi kamlik qilganidek, o‘rmondan o‘zi mustaqil ravishda chiqib ketishi kerak edi. Kuchli yomg‘ir yong‘inni o‘chirdi, quyuk tropik o‘rmon samolyot parchalarini ishonchli yashirardi. O‘sha paytdagi navigatsiya tizimlari hozirgilarga qaraganda, ancha sust bo‘lgan va qutqaruvchilar uchoq qulagan joyni topa olishmagan. Yuliane faqat o‘ziga ishonishi kerak edi. Gap shundaki, u chakalakzordan qo‘rqmasdi.

Kyopke oilasi asli Germaniyadan bo‘lib, Yulianening ota-onasi mashhur parrandashunos (ornitolog), ko‘p yillar davomida Peruda ishlagan va  ko‘pincha qizini o‘zlari bilan birga o‘rmonga olib ketishgan. O‘sha yerda u tirik qolish asoslarini o‘rgangan. Shunga qaramay, yengsiz kalta ko‘ylakda, ko‘zoynagi va oyoq kiyimining bittasini yo‘qotgan qizning bu yerdan chiqib ketish imkoniyati juda oz edi. U osmondagi samolyot dvigatellarining gurillashini eshitardi. Lekin uni yomg‘ir yog‘ayotgan o‘rmon ostida kim ham ko‘rardi? Kyopke oqayotgan soy topib, oqimga qarab pastga tushishni boshladi. Uning baxtiga oldidan biror bir xavfli yirtqich chiqmadi.

Yo‘lida Yuliane samolyot parchalarini, yuklar va hatto jasadlarni uchratdi. Bir sumka shirinlik ham topib oldi. Uch kun panettone (keksga o‘xshagan Italiya shirinligi) va konfetlar bilan oziqlandi. Yegulik tugagandan so‘ng u faqat suv icha boshladi. Asta–sekinlik bilan o‘zini nazorat qilolmasligini sezdi, esi kirarli-chiqarli bo‘lib, oqim oralab ketishda davom etdi. O‘ninchi kuni u bor kuchini to‘plab, zo‘rg‘a yurib borayotganida, bo‘sh chayla va qayiqqa duch kelib qoldi. Jarohatlarining birida chivinlar lichinka yotqizgani sabab, qattiq yiringlash boshlangan edi. Otasi kasal itning shunga o‘xshash kasalligini davolaganini eslab, chayladan topgan “kanistra”dagi benzin bilan yarasini yuvdi.

O‘sha yerda tunab ham qoldi. Ertalab u ovozlarni eshitdi – bu mahalliy yog‘och kesuvchilar edi. Ular Yulianening bu ahvolini ko‘rib qo‘rqib ketishdi. Qiz ularga ispan tilida muomala qilib, nima bo‘lganligini tushuntirdi. Uni yaqin oradagi qishloqqa, keyin esa shifoxonaga olib borishdi. Tez orada otasi yetib keldi. Ular bir-birlarini ko‘rib, gapira olishmadi, faqat quchoqlashib, qattiq yig‘lashardi...

1972 yilda oila Germaniyaning Frankfurt shahriga qaytib keldi. Yuliane ota-otasi izidan borib, biologiya bo‘yicha ilmiy darajani oldi. U ko‘rshapalaklarni o‘rganardi va hatto ish bilan Peruga qaytib keldi. Hozir uning yoshi 65 da va u kutubxona ishchisi. Uning kechinmalari asosida ikkita film suratga olingan va eng ko‘p sotilgan kitob nashrdan chiqqan. Lekin unga mashhurlik kerak emas edi. U shunchaki, tunda tinch uxlashni xohlardi. Asosiysi, u endi uchishdan qo‘rqadi va uchuvchilarga ishonmaydi.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.