Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

18 may - Xalqaro muzeylar kuni: Samarqand muzeyi qachon, kim tomonidan tashkil etilgan?

Samarqand muzeyi Markaziy Osiyodagi yetakchi madaniy-ma’rifiy, ilmiy muassasalardan biridir. Muzeyning tashkil etilishi uning kolleksiyasining shakllanishi va boyib borishi bilan bevosita bog‘liq.

Bu harakat o‘z davrining ma’rifatli shaxslari tomonidan amalga oshirilgan. Xususan, bunda M.Rostislovov, L.Barщyevskiy, savdogar Reshetnikov, Mirzo Abdulla Buxoriy, Mirzo Abdu Rahmon, M.Virskiy, V.Vyatkin, I.Poslavskiylarning o‘rni katta.

Muzey kolleksiyasi shakllanishi 1874 yilda Afrosiyob shahar xarobalarida iste’fodagi harbiy Borzenkovning arxeologik qazish ishlari bilan bog‘liq. Uning qazish ishlari natijasida yig‘ilgan ashyolar alohida topshiriqlar bo‘yicha amaldor M.Rostislavov rahbarligida Zarafshon okrugi gubernatori kanselyariyasida to‘planadi. Ayni vaqtda qadimiy ashyolar va tangalarni saqlash uchun vitrinalar, stollar sotib olinadi. Kolleksiyaga qo‘shimcha ravishda M.Rostislavovning iltimosiga ko‘ra, qadimgi qo‘lyozmalar va tangalar Zarafshon okrugi gubernatorligi tomonidan sotib olinadi.

Samarqand muzeyida 1875 yil o‘rtalaridayoq qabrtoshlar, qadimgi yozuvlar va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari, 700 dona atrofida mis, kumush, oltin tangalar va taxminan 30 ta qo‘lyozmadan iborat ashyolar bo‘lgan. Kolleksiyaning 1876 yilda Peterburgda o‘tkazilgan sharqshunoslarning xalqaro s’yezdi ko‘rgazmasida, 1879 yilda Moskvada o‘tkazilgan antropologik ko‘rgazmada ishtiroki ham uning naqadar boy va xilma-xil bo‘lganligini ko‘rsatadi.

1883-1884 yillarda Samarqand muzey kolleksiyasining katta qismi Toshkent muzeyiga beriladi. Kolleksiyaning qolgan qismi Zarafshon okrugi kanselyarisida saqlanib, 1887 yilda Samarqand viloyat statistika qo‘mitasiga o‘tkaziladi.

Shundan keyin kolleksiya uchun alohida bino ajratiladi. Ashyolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar "Samarqand viloyati ma’lumotnomasi"da chop etib boriladi.

1896 yil 21 iyulda Samarqandda qadimgi davr muzeyi ochildi va Samarqand statistika qo‘mitasi muzeyi nomini oldi.

Muzey tashkil etilgan dastlabki kunlarda uning fondi asosan, turli shaxslar tomonidan sovg‘a qilingan ashyolar hisobiga boyidi. Muzeyga ashyo sovg‘a qiluvchilar asosan ma’muriy apparat xodimlari, mahalliy ziyolilar va savdogarlardan iborat edi.

Muzey ochilishidan ko‘p o‘tmasdan L.Barщyevskiy tomonidan muzeyga topshirilgan qachonlardir hayvonlar va o‘simliklarning qotgan tanalari muzeyning paleontologiya bo‘limiga tamal toshini qo‘ydi. Shuningdek, L.Barщyevskiyga Buxoro va Samarqand aholisi hayoti va turmush tarziga oid 200 ta fotosurat buyurtma qilindi. 1900 yilda muzeyga fotosuratchi Dudinning mahalliy ustalar tomonidan yog‘ochdan o‘yib yasalgan ramkaga solingan “Darvesh” kartinasi sovg‘a qilindi.

Samarqand muzeyi tashkil etilgan dastlabki yillarda muzey xodimlari tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida Mirzo Ulug‘bekning ulug‘vor rasadxonasi o‘rni aniqlandi, Amir Temur maqbarasi xilxonasi va gumbazi ta’mirlandi.

Keyingi yillarda ham muzey fondi boyib bordi. V.Bartold va V.Vyatkinlar tomonidan olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida yig‘ilgan ashyolar hisobiga arxeologiya fondi, Arxangelskiy, Pels, Bogdanovlarning sa’y-harakatlari tufayli tabiat fondi boyitib bordi. Birgina tabiat fondiga 1920 yilgacha bo‘lgan davrda 500 turdagi gerbariylar kelib tushdi. M.Masson Samarqand muzeyida direktor sifatida faoliyat ko‘rsatgan yillarda numizmatika fondi bir qancha Turkiston hukmdorlari tangalari, gemma va muhrlar bilan boyitiladi.

Mahmudxon Yunusov,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.