2,5 million so‘mning 5 kishilik oilaga yetmasligini isbotlab berganu o‘zining 1,5 million so‘m oyligi yetmayotgani haqida “lom-mim” demayotgan ey mening (vay mani) kamtarinlarim...
Avvaliga bu haqda gapirish “menga emas”, ya’ni bu mavzuda so‘z yuritishga yoshlik yoki tajribasizlik qilaman, deb o‘yladim. Lekin so‘z erkinligi hammaga birdek berilgan imkoniyat-ku, to‘g‘rimi? Aslida yozishimga jurnalistika sohasida mehnat qilayotgan bir hamkasbimizning OAV, matbuot haqidagi fikrlarimni yoritish uchun intervyu so‘ragani turtki bo‘ldi...
Albatta, matbuot va ommaviy axborot vositalari, uning atrofidagi fikrlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Ammo biz o‘zimizning qisqa muddatli tajribamiz, uztozlarning bizga o‘rgatganlari, uqtirganlari, shaxsiy kuzatuvlarimiz doirasida ozmi-ko‘pmi fikrimizni bildirishimiz mumkin.
Hammamizga kundek ravshan, ushbu sohada bundan ikki-uch yil avvalgiga qaraganda o‘sish, rivojlanish har qadamda ko‘zga tashlanyapti. Buni har birimiz his etib turibmiz. Albatta, sizu biz qachonlardir qog‘ozda bor, ammo amalda yo‘q so‘z erkinligi tushunchasining hayotimizda o‘z ifodasini ko‘ryapmiz. Agar so‘z erkinligiga bundan ham ortiqroq, yuqori ta’rifu tavsif berib yuborsak aksariyatimizning ensamiz qotishi tayin. Go‘yo bu bo‘rttirishimiz tuxumning oqini ko‘pirtirib, beta’m va bemazza “qaymoq”qa aylanib qolgan ko‘pikni yodga soladi.
Ammo bemalol aytishimiz mumkin-ki, ommaviy axborot vositalari bugungi kunda nafaqat xalqni axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondiryapti, shu bilan birga, uning dardiga malham ham bo‘lyapti.
Xalqimiz huquqi poymol bo‘lsa uni tiklash, o‘z shaxsiy manfaatini himoya qilish, adolat qaror topishini istab hokimiyat, deputat, sud-huquq tizimlari, yoki boshqa davlat idoralarigagina emas, bugun aksariyat hollarda, avvalo, ommaviy axborot vositalariga, jurnalist va blogerlarga ham murojaat qilayotganini kuzatyapmiz. Buning zamirida odamlarning shu yerda adolat qaror topishiga ishonchi paydo bo‘lgani, o‘zining himoyachisi sifatida advokat yoki boshqa huquqshunos emas, jurnalist ekanligini tan olayotganidan dalolatdir. Menimcha, shu sohada mehnat qilayotgan har bir hamkasbimizning eng katta yutug‘i ham ana shunda bo‘lsa kerak. Bunga shak-shubha yo‘q. Negaki, xalq ishonchi eng katta rag‘bat, eng katta yutuq.
Ochig‘i, ommaviy axborot vositalari, jurnalist yoki blogerlik faoliyati, so‘z erkinligi haqida so‘z yuritishni ustozlarimizga qo‘yib beraylik. Keling biz jurnalistga ma’naviy rag‘batdan tashqari, moddiy rag‘batning ham suv va havodek zarurligi haqida ikki og‘iz fikr bildiraylik.
Ha, hozir aynan fidoyi va jonkuyar jurnalistlar, matbuot xodimlari haqida “maddohlik” qilmoqchiman. Haqiqatan ham bunday kamtar va kamsuqim kasb egalariga tasannolar aytsa arziydi. Maqtab yuboryapti, demang. Mana sizga fikrimning isboti...
Ular kezi kelganda 2,5 million so‘m oylikning 5 kishilik oilaga yetmasligini nafaqat oddiy odamga, balki kazo-kazo rahbarlarga, kerak bo‘lsa, yuz xil usulda, yuz xil yondashuv orqali isbotlab beradi. Shu haqda bong uradi. Lekin o‘zining 1 million yoki 1,5 million atrofidagi oylik maoshlari haqida biror bir o‘rinda, biror davrada “lom-mim” demaydi, unini ham chiqarmaydi.
Xalqning haqini talab qilib chiqadi, katta-katta muammolar haqida yuqori minbarlardan turib jar soladi. Lekin olayotgan oylik maoshi bola-chaqasi bilan ijarada turgan uyiga yetmayotgani, hatto har kuni ishga qatnab turgan yo‘l haqiga yetmayotgani, ba’zan o‘ziga emas, bola-chaqasi, oilasiga kiyim-kechak qilib bersa dasturxonini to‘kin qilishga yetmay qolayotgani haqida hech qachon hech narsa demaydi.
To‘g‘ri, bugun zamonaviy avtomobillar minib yurgan yoki shaharda bir-ikki xonalik uyi bor sanoqligina jurnalist, muxbirlar ham bor. Ammo ular shu sohada ishlab topgan oylik maoshining evaziga bunga erishyapti, deysizmi?! Bunday hamkasblarimiz qanday erishayotganiga nazar tashlasak, qishloqdagi yaqin qarindoshlari ko‘magiga tayanib, 5-10 sotix yerida halol ekin-tekin qilib, pulga ishchi yollab yetishtirgan, yoki uch-to‘rt aka-ukasi, ota-onasining beminnat ko‘magi orqali, yoki bor-yo‘g‘ini “sug‘urib” oladigan kreditlar orqali shunga yetishayotgani bor gap. Qiyinchilik bilan o‘rindoshlik asosida boshqa joylarda ham majbur ishlab, oilaviy daromadini qoplayotganlari ham bir talay. Ba’zi bir hamkasblarimiz “Fikring xato, mana masalan men...” deb bunga e’tiroz bildirmoqchi ham bo‘lar. Shoshmang, gap siz haqingizda emas, fikrimning isbotini avval dardi ichidayu kasbiga mehri, el-yurt xizmatini har narsadan ustun qo‘yib, shuning ortidan topayotgan hurmat-izzatigagina qanoat hosil qilayotgan atrofingizdagi jurnalistlardan izlab ko‘ring. Ular orasida 10-15 yil, hatto 20 yil shu tizimda ishlab, bitta uy ololmaganlari ham bor. Aynan qo‘li kaltalik qilib, yetishmovchilik sababli oilasidagi “sizu bizchilikka” putur yetganlari, hatto hayoti izdan chiqayozganlari ham bor. Buni qarangki, shunday bo‘lsa-da o‘z sevimli kasbidan kechmayotgan, qanoat va sabr bilan, sharoitdan nolishni or bilib, jimgina yashayotganlari ham bor...
Kamtar va kamsuqim, o‘z manfaatini ko‘zlab biror narsa talab qilishni or deb bilgan hamkasblarimiz, ularning shaxsiy hayoti haqida gapirib, izzat nafsiga tegmay, mayli. Ammo bu borada o‘zimning ham boshimdan kechirganim bor...
Endigina uylanib, to‘yimizga 2-3 oy bo‘lgan paytlar o‘zim ishlab kelayotgan gazetaning qorovulxonasida “qo‘nim topib”, qorovul bilan birga yashardim. Oilam qishloqda, ota-onam bilan birga qolgan (O‘tgan asr emas, ikki-uch yil oldingi holatni aytayapman). O‘sha paytlar, aynan ikki yilcha oldin Vazirlar Mahkamasi qarori asosida samarqandlik 40 nafardan ortiq uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan jurnalist, tahririyat xodimlarini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha viloyatimizda tegishli hujjat qabul qilindi. O‘sha ro‘yxatning birinchisida Samarqand shahridan uy-joyga talabgorlar safida men ham bor edim. Mana haqiqat, mana e’tibor... Haligi 40 nafar uy-joyga muhtoj bo‘lib turgan hamkasblarimiz qatori meni ham o‘shanday yashash sharoitida bo‘lib turganimda bu yangilik juda xursand qildi-da. O‘shani xom sanabmiz. Afsuski, keyinchalik u uy-joylar haqida biror bir o‘rinda gapirilmadi ham, falon summani falon joyga to‘la, yoki falon hujjatni taqdim qil, degan chaqiriq ham bo‘lmadi. Buni tilga olmasdim, lekin bu mening hayotimdagina uchragan holatgina emas-da. Xafsalasi pir bo‘lgan bir men emas-da!
Yashirmaslik kerak, nazarimda jurnalist zo‘r maqola yozib, yoki ko‘rsatuv qilib, lavha tayyorlab, bir nochorning muammosini hal qilib maza qiladi. Birinchi bo‘lib muammoni ko‘tarsa rohatlanadi. Agar moddiy rag‘bat ham zo‘r bo‘lsa, oylik maoshi hammanikidan baland bo‘lsa, mayli aqalli, uyiga, bola-chaqasiga yetib ortsa ham xuddi shunday rohatlanadi-ku, to‘g‘rimi, g‘ayrati jo‘shadi... Shunday bo‘lsa o‘z ishiga mehri yanayam ortmaydimi?!
Adashmasam o‘tgan yilidan boshlab respublika bo‘yicha barcha tuman-shahar hokimlarining o‘rinbosarlari Nexia-3 rusumli avtomobil bilan ta’minlanib boshlandi. Albatta bu muhim va samarali, adolatli chora-tadbir bo‘ldi. Balki faxmim yetmaganidandir, yoki orzu-havasga o‘chligimdan bo‘lsa kerak, doimgidek meni xayolimdan o‘sha paytlardan har xil fikrlar o‘tdi.
Xom xayolim bilan bo‘lishaman: mana qarang, bitta viloyatda, tuman-shaharlardagi tahririyatlarda nechta jurnalist bor deb o‘ylaysiz?! Viloyat tahririyatlarida 15, 20 nafardandir. Tuman-shaharlarda esa oshib borsa 4 ta yoki 5 ta ijodiy xodim, jurnalist bor. Ba’zi mustaqil jurnalistlarni qo‘shib hisoblasak, 100 nafarcha atrofida bo‘ladi, to‘g‘rimi? Shularni ehtiyojiga ko‘ra, uy-joy yoki avtomobil bilan ta’minlash nihoyatda katta mablag‘ni talab qilmasa kerak. Mayli u shaxsiy qilib berilmasin. Shu sohadagi faoliyatiga qarab berilsin, boshqa ishga o‘tsa topshirsin. Agar o‘n-o‘n besh yil shu sohaning qattiq nonini yeb, changini yutgan bo‘lsa abadiy qilib berilsin. Agar jurnalistning topgani yo‘lkiraga yoki ijara pulini to‘lashga ketmasa ham uning cho‘ntagiga ozmi-ko‘pmi foyda-ku.
Endi aytingchi, bitta yaxshi, fidoyi va jonkuyar, shijoatli jurnalistning bitta tuman yoki shahar hokimi o‘rinbosarichalik, borsin shunday hududdagi bir davlat amaldorichalik xalqqa nafi tegadimi, yo‘qmi? Nafi teksa, el dardini o‘ylab qayg‘ursa, nega moddiy manfaat istashga, umidvor bo‘lishga haqqi yo‘q, ALBATTA BOR! Menimcha ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash adolatli bo‘lardi.
Shu o‘rinda aytmoqchimanki, yuqorida aytgan fikrlarim juda jo‘n, g‘aliz bo‘lishi mumkin, pissimistik g‘oyalar bo‘lishi mumkin. Kimningdir ensasini qotirib, balki kulgisini qistar. Ammo aytilgan gaplar bir mening dardu hasratim emasligi rost-ku!
Mayli, fikrlarimga har qanday e’tirozni, qarshi iddaoni to‘g‘ri qabul qilaman. Chunki, men bu sohada endigina 6-7 yillik tajribaga ega yosh kadrman. Ba’zi tajribali hamkasblardek fikr yuritmagandirman. Ammo mana shu o‘tgan yillar davomida, albatta bugungi kunda ham umrini, umrining ma’no-mazmunini publitsistika sohasiga bag‘ishlab kelayotgan zabardast ustozlarning etagidan tutib kelyapman, ularning o‘gitlariga doim quloq tutib, tajribalariga tayanib kelyapman...
Tugadi...
Abduhoshim ZIYaTOV.
PS: davomi bor.