2 yoshgacha bola parvarishiga nafaqa olish uchun qanday hujjatlar topshirish kerak?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish uchun arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- belgilangan shakl bo‘yicha oilaning tarkibi va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
- bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish uchun – bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalari;
- asosan yashab turgan joyi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun — doimiy yashash (doimiy propiska) joyi bo‘yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlanmaganligi va to‘lanmaganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
- agar bolalar vasiylikka olingan bo‘lsa – vasiylik va homiylik organining qaroridan ko‘chirma.
Bundan tashqari, moddiy yordamga ehtiyojmandlik to‘g‘risidagi arizaga, ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin, deya javob berdi Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifingda.