Yoshlarimizni nega kiborlar ruhida tarbiyalay olmayapmiz?

Bola tarbiyasi qachon va qayerdan boshlanadi, deganda hammamiz oiladan boshlanadi, deb aytamiz. Ammo oilada har bir ota-ona o‘z bolasini kim qilib tarbiyalamoqchi, degan savolga bugun na ota-ona, na atrofdagilar aniq bir javob bera olyapti. Vaholanki, oiladagi tarbiyaning asosi mana shu savollardan boshlanishi kerak.

Aqlli jonzotda maqsadsiz faoliyat sodir etilmaydi. Demak, oiladagi farzandning kim bo‘lib voyaga yetishi shu oila a’zolarining o‘z oldiga qo‘ygan aniq savol va maqsadlaridan boshlanishi lozim. Shunday ekan biz o‘z farzandimizni jamiyatning eng ilg‘or kishisi qilib tarbiyalashimizga nimalar yetishmaydi va nima bizga xalaqit beradi?

Sovet davrida kibor (arab tilidan bizga kirib kelgan kattalar, ulug‘ kishilar ma’nosini beruvchi so‘z), aristokrat (yunon tilidan yaxshilar, aristo va kratos hukmronligi, ya’ni yaxshilar hukmronligi) so‘zlarini xalqimizning ongidan chiqarilishiga uringanlar ma’lum natijalarga erishgani tufayli bizning ongimizga ular yomon so‘z va yomon tushuncha bo‘lib kirib qoldi. Endilikda ularning asl ma’nolarini qaytarish va shu yo‘l bilan jamiyatimizga, ayniqsa, yosh avlod vakillariga ushbu kiborlik, aristokratlik ko‘nikma va tushunchalarini singdirishga hissa qo‘shish zarur.

Ma’lumki, shaxsning birgina jamoat joyida o‘zini qanday tutishiga qarab, uni jamiyatning qaysi tabaqasidan ekanini, oilada qanday axloqiy tarbiya olganini aniqlab olsa bo‘ladi. Psixologlar o‘tkazgan so‘rovnomalarda kishining axloqiy normalarga e’tibori va uning xususiyatidagi bu ko‘rinishlar, uning kiyinishi, jamiyatda o‘zini tutish tarzi va shunga o‘xshash odob va axloq normalari shaxsning ijtimoiy o‘sishida, xizmat karerasida amaliy yordam beradimi, degan savollarga 80-90 foiz respondentlar ijobiy javob berishadi. Shunday ekan, yuqorida qo‘yilgan savolga faqat ijobiy javob bergan holda, biz yoshlarimizni kiborlar, aristokratlar ruhida tarbiyalashimiz kerak deb, bu borada amaliy ishlarga o‘tish vaqti allaqachon kelgan, nazarimda.

Bilmadim, kimga qanday? Menga kibor, aristokrat, muloqot sirlaridan to‘liq xabardor, ma’lum ma’nodagi «hamma birday» tushunchasidagi sovetlar tarbiyasidan qutulgan kishilar va ular bilan suhbatlashish juda yoqadi. Qizig‘i shundaki, bu talab va ishtiyoq faqat mendagina emas, ko‘pchilikda ham uyg‘onib kelyapti. Endi biz o‘z farzandlarimizni faqatgina oliy o‘quv yurtlarida bilim olishgagina qaratmay, ularning yuqori tarbiya namunalaridan ham xabardor bo‘lishi tarafdoriga aylanyapmiz. Demak, bolalarimizning ruhiga maktablardayoq aristokratlik, kiborlik ruhi allaqachon kerakli darslar orqali singdirilgan bo‘lishi lozim.

Aristokratlik, kiborlik kiyinish madaniyatisiz tasavvur qilinmaydi. Demak, bu darslar ham maktab dasturlaridan joy olishi kerak. Ushbu amaliy aristokratik darslar tizimida albatta, suhbat, muloqot madaniyati darslari bugungi kunda hammamizga, ayniqsa, yoshlarimizga suvday zarurligi sezilyapti.

Ko‘pchilik suhbatlarda ba’zan yoshlar va ularning tarbiyasi haqida so‘z ketadi-da, «Bugungi yoshlar...» deb, ba’zilar hozirgi yoshlarimizdan noliy boshlaydi. Aslini olganda bu nolishlar tarbiya yo‘nalishi uchun yangilik emas. Bundan ikki ming yil ilgari faylasuf Suqrot ham yoshlar borasida ana shunday nolishlarning o‘ta katta namunasini qoldirib ketgan. U shunday yozadi: «Hozirgi yoshlar boylikka o‘rganib qolgan. Ular kattalarni hurmat qilmaydi, boobro‘larni yoqtirishmaydi, yomon xulqlari bilan ajralib turadi, ota-onalari bilan mojaro qilishadi, ovqatda ochko‘zlik qilib, o‘qituvchilarga azob beradi».

Jamiyatimiz tabaqalashib borayotgan bir paytda biz yoshlar orasida ikki yo‘nalishni ochiq-oydin ko‘ryapmiz. Biri yuqorida aytilganday, yaqindagina jamiyatimizda uchraydigan o‘rtamiyonachalikdan ham tubanlashib borayotgan bo‘lsa (bu albatta yaxshi emas), boshqalari, asosan ko‘pchiligi sekin-asta o‘z tillariga e’tibor berishdan boshlab, yaxshi ma’noda kiborlik namunalarini o‘z shaxsiy xususiyatlariga singdirib boryapti. Bunday yoshlarimizning tilida o‘z qishlog‘i-yu oilasining lahjasini, viloyatining sheva namunalarini ham uchratyapmiz. Shuning o‘zi o‘sib kelayotgan avlodimiz o‘z kelajagini yaratishida to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini ko‘rsatadi.

Endi masalaning asosiy tomonlaridan biri – qanday qilib yoshlarimizning ko‘pchiligini mana shu kiborlik, aristokratlik ruhida tarbiyalash muammosi. Bu yo‘nalishda men tarbiyaga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalarimda takrorlab keladigan bir fikr shuki, biz sovetlar tarbiyaviy falsafasidan, uning nazariy va ayniqsa, amaliy namunalaridan butunlay voz kechishimiz kerak. Bulardan biri, qadim-qadimdan odamzod tomonidan inobatga olinib kelinayotgan va bugungi kundagi ilmiy yutuqlar bilan tasdiqlanayotgan irsiy belgi – odamlarning hammasi baravar qilib yaratilmaganini tan olish. Shundagina, biz tarbiyaga bag‘ishlangan buyuk ma’naviy xazinamiz – Avestodan boshlab «Qobusnoma»gacha, Muhammad Solihning «Adabul solihin» asaridan Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq» kitobigacha, Abushiyning «Turkiy qavmlar tarixi» yoki turk hoqonliklariga bag‘ishlangan kitoblaridan tortib «Javohirul hikoyat»gacha va boshqa minglab tarix hamda tarbiyaga bag‘ishlangan kitoblarimizni to‘g‘ri tushuna boshlaymiz.

Bu borada «Qutadg‘u bilig», «Qobusnoma», «Adabul solihin» va boshqa manbalarni qaytadan kashf qilishimiz bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolganga o‘xshaydi. Aks holda, biz Yevroittifoqqa o‘xshab birikish, turkiy xalqlarning tarixdan yig‘ib kelgan ma’naviy boyliklarini ularning hammasiga boylik sifatida yetkazish yo‘lidan emas, bir-birimizdan uzoqlashishga yuz tutamiz. Masalan, usmonli  turklardagi «gunoydin», qozoq va o‘zbeklardagi «oynalayin» bir-birini ma’naviy jihatdan to‘ldirishini ko‘rmaslik ma’naviy johillikdan boshqa narsa emas, deb o‘ylayman. Dardlar ichida johillikdan og‘irroq dard yo‘qligini bobolarimiz bekorga aytishmagan.

Yoshlarimiz ertangi kunda dunyoning eng zo‘r oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olib, bizning jamiyatimizga o‘sha biz yuqorida aytgan kiborlar bo‘lib, ammo bizning o‘zimizning ming yillik urf-odatlarimizni emas, o‘zlari ijtimoiylashib ulgurgan jamiyatning kiborlik unsurlarini o‘zlariga singdirib qaytishni boshlashadi. Bu esa milliy madaniyatimizga ba’zi hollarda salbiy ta’sir qilishi, milliy mentalitetimizning jahon normalariga uzviylashuvini uzoqlashtirishi mumkin. Aslida esa biz dunyo yangiliklarini olish bilan bir vaqtning o‘zida milliy madaniyatimizdagi kerakli normalarni jahonga olib chiqishni ham unutmasligimiz kerak. Axir biz ming yillik tarixga va madaniyatga ega xalqmiz.

Bugungi kunda xohlaymizmi yo‘qmi, jamiyatimizda yuqori tabaqa tushunchasi bor. Bu tabiiy hol va bu tushuncha kundan-kunga katta kuchga ega bo‘lib boraveradi. Bu tabaqa vakili bo‘lish uchun esa ko‘pchilik o‘ylaganday faqatgina katta mol-mulk egasi bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Ba’zilar o‘sha katta boylik egasi bo‘lgan holda o‘z vaqtlarini maishatxonalarda o‘tkazishga kirishadi va o‘sha maishatxonalarda ularning ba’zilari bir kun bo‘lmasa, bir kun «Hoy, gaplashayin desang odam topolmaysan kishi», degan ohlarni qilishadi. Chunki ularning orasidan ham ovqat yeyishning o‘zi birgina fiziologik ehtiyojni qondirish bo‘libgina qolmasdan, u bir mutafakkirning aytganiday, alohida san’at ekanligini tushunib yetadiganlari chiqadi. Ishxonaga kiyib boradigan kiyimning oshxonaga kiyib boradigan kiyimdan jiddiy farq qilishini teran anglaydi, atrofdagilar esa oshxonaga ishxonadagi kiyimlari bilan kelganidan va ular o‘zining vatandoshlari ekanidan vijdonan qiynaladi...

Kibor, aristokrat odamlar, ba’zilarning nazaridagidek og‘ir, «katta», «qorasi bosadi», hatto sovetlar davridagiday kibor, aristokrat deyilgan tushunchalarda emas, aksincha ularni yengil, oddiy, fikri tiniq, teran, suhbatlashsang, huzur qilasan degan iboralarda qabul qilinishi kerak.

Asl kibor bo‘lib o‘smagan, ammo o‘zini aristokratlardan sanaydigan odam ham vaqti kelib, biron noqulay va nojo‘yaroq harakat va so‘zi bilan boshqa birovni ancha ranjitib qo‘yishi mumkin. Bu degan so‘z asli shunday bo‘lar ekan, deb holatni o‘z yo‘nalishiga tashlab qo‘yishimiz kerakmi yoki yashash tarzimizni, bolalarimiz tarbiyasini kundan kunga yaxshilash, kelajak avlodimizni asl kiborlar avlodidan qilib tarbiyalashga bugundanoq kirishishimiz kerakmi, degan savolga so‘zsiz ijobiy javob berib tarixiy «men»imizni tiklash degan xulosaga kelasan kishi.

Bunday qarasak, bizning oldimizda ikki yo‘nalishdagi yo‘l turibdi. Birinchisi, ma’lum, hozirgi holatdan qoniqqan holda barchasiga ko‘nib, boshqalarning orqasi bo‘lib yashash. Ikkinchisi, bunday qaraganda qiyini, ammo boshqa yo‘lni tanlashning o‘zi ilojsiz va shu yo‘ldan borishimiz shart. Vaziyatni o‘z qo‘limizga olib, bugundanoq ishga kirishish, ya’ni jahon sivilizatsiyasi yutuqlarini o‘zlashtirib olgan xalqlar ma’naviy boyligini va o‘z tariximizdagi boyliklarni ruhimizga singdirgan holda tezlikda ana shu ilgarilab ketgan xalqlarni quvib yetish va kerak bo‘lsa oshib ham o‘tish. Bunga bizda tarixiy ma’naviy boylik, ruhiy, irsiy, milliy va boshqa imkoniyatlar yetarli.

Men o‘z farzandining nihoyatda tarbiyali, nihoyatda bilimdon, bir so‘z bilan aytganda kibor, aristokrat bo‘lishini xohlamagan ota va onani bilmayman. Bu degan so‘z, o‘z farzandimizning shunday kishi bo‘lib yetishishiga qanday qilib erishishimizda. Buning uchun esa oiladan boshlab va bugundan boshlab yaxshi odatlarning ular ruhi va shaxsiyatiga singdirib borilishini boshlashimizda.

Mahmud YO‘LDOShEV,

psixologiya fanlari nomzodi.

(«Oila davrasida» gazetasi. 2019 yil 12 dekabr, 51-son).