Farzandlarimizni telefon emas, o‘zimiz tarbiyalashimiz kerak
Yashirib nima qildik, katta-yu kichikning tun-u kun qo‘lidagi telefonga termulib o‘tirishiga, yo‘ldami, to‘y-ma’rakada yoki oila davrasidami doim shu matoh hamrohimizga aylanganiga o‘rganib qoldik. Hatto, onalar go‘dagini telefondagi musiqa yoki biror bir o‘yin bilan ovutyapti, yaqin insonimizga shu vositani eng qimmatli sovg‘a sifatida beryapmiz.
Mayli-da, zamon zayli shunaqa. Davr bilan hamnafas bo‘lishimiz kerak, bugungi hayotimizni internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, deb ko‘nglimizga taskin beramiz. To‘g‘ri, bu fikrlarni ham inkor eta olmaymiz. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlardan axborot olish va almashish, bilimlarimizni oshirish, biror bir yumushni, vazifani o‘z ish joyimizda, uyimizda turib bajarish uchun foydalansak qanday yaxshi. Istaymizmi-yo‘qmi endi zamonaviy axborot texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylanadi.
Lekin bu “zamonaviylik” ko‘p hollarda nafaqat tanimiz salomatligiga, balki ruhimizga, ong-u shuurimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini unutib qo‘yayapmiz. Bilsak-da bunga parvo qilmaymiz. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi turli tuman fikrlar, zo‘ravonlik, behayolikni targ‘ib etadigan lavha va ko‘rinishlar har xil yosh va toifadagi kishilarga, jumladan yoshlar yurish-turishiga, ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga ham guvohmiz. Uzoqqa bormaylik, keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va munozaralarga sabab bo‘lgan holatlarni eslaylik. O‘spirin bolaning onasini tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, sovg‘a qilgan shirinlikni uning yuziga yopishtirib qo‘ygani yoki telefonda selfi tushish uchun poyezd vagoni ustiga chiqib, tok urgan yigitning holati, behayo suratlarni tarqatish bilan tahdid qilib, pul talab qilgan “do‘st”ning qiliqlari...
Yoki ayrim yoshlarning ota-onaga, kattalarga hurmat-izzatni unutib turli xil lavhalarni suratga olishi va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishi qanday tarbiya, qaysi qadriyat mezonlariga mos keladi?
Bu voqealarning ayrimlari sizu bizdan olisda, balki xorijiy yurtda sodir bo‘lgandir. Lekin uni butun dunyo ko‘ryapti-ku, yoshlarimiz ularga taqlid qilmasligiga kafolat yo‘q-ku. Ikki yil oldin Samarqand shahridagi tramvayda sodir bo‘lgan holat ham xorijdagi yoshlarga taqlid emasmidi?
Shu jihatdan kuni kecha o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo‘lidagi telefon tarbiyalayotganiga befarq qaramasligimiz kerak. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda.
“Ma’naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Bularning barchasi biz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarur”, dedi davlatimiz rahbari.
Afsuski, bugun bu ogohlik qo‘ng‘irog‘ini ko‘pchiligimiz anglamayapmiz yoki eshitishni istmayapmiz.
– Inson kamolotida kitobning, badiiy adabiyotning qanchalik muhim o‘rin tutishi hech kimga sir emas, – deydi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Toshpo‘lat Tugalov. – Ammo keyingi paytda kitobxonlikka biroz e’tibor oshgan bo‘lsa-da, baribir hali ham kitob o‘qishga munosabatimiz o‘zgargan, deb ayta olmaymiz. Joylarda kitob do‘konlari ko‘paydi, kitobxonlikni keng targ‘ib etish uchun turli tanlovlar o‘tkazilyapti. Eng yaxshi kitobxonlarga hatto avtomashina berilyapti. Bundan ham uqqan xulosa qilyapti, uqmaydigan kishiga ming gapiring, targ‘ib qiling – befoyda. Shuning uchun avvalo, oilada kitob o‘qish madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Avvalo, ota-ona, kitob, gazeta jurnal o‘qishi lozim. Farzandining tug‘ilgan kuniga eng so‘nggi rusumdagi telefon apparati emas, kitob sovg‘a qilishga odatlanishi kerak ota-onalar. O‘zimiz bolamizga telefon sovg‘a qilib, keyin uning asosiy vaqti shu matohga termulib o‘tib ketayotganidan nolishimiz hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
– Xalqimizning “bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan gapi bor, – deydi mehnat faxriysi Abduaziz Hoshimov. – Lekin nazarimda, hozir bu hikmat faqat gapligicha qolyapti, hayotda o‘z aksini topmayapti. Qani mahalladagi birovning bolasiga, qo‘shningizning farzandiga tanbeh berib ko‘ring-chi? Avvalo, o‘sha zahoti bolaning o‘zi sizga javob qaytaradi yoki ota-onasi kelib, “mening bolam bilan nima ishingiz bor?”, deb ta’na qiladi. Vaqti kelib o‘sha bebosh bola biror nojo‘ya ishga qo‘l ursa, bundan faqat oila emas, qo‘ni-qo‘shni, mahalla ham aziyat chekadi, ularning nomiga ham dog‘ tushadi. Mana shuni o‘ylamaydi, ayrim ota-onalar. Shuning uchun mahallaning maktab bilan hamkorligini, yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi mas’uliyatini bugun har qachongidan kuchaytirish zarur. Mahallaning hayotimizdagi rolini oshirishga katta e’tibor berilayotgan ekan, birinchi navbatda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish talab etiladi. Hududdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi, oilalar mustahkamligi ham shunga bog‘liq.
Tarbiya haqida so‘z ketganda buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan gapini ko‘p takrorlaymiz. Ta’lim muassasalarida ham bu so‘zlar katta-katta harflar bilan yozib qo‘yilgan. Lekin qachonki ana shu fikrni o‘z ko‘nglimizdan o‘tkazmas, har birimiz shunga qarab harakat qilmas ekanmiz, bu orzu va maqsadligicha qolib ketaveradi. Ungacha esa yana bir necha avlod kamolga yetadi, ularni biz emas, boshqalar tarbiyalaydimi, ong-u tafakkuriga boshqa, yot g‘oyalar singdiriladimi? Ana shundan asrasin!
G‘olib HASANOV.