Samarqandda 8 nafar bola ota-ona qaramog‘iga berilgan

Bu haqda viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Xususan, 2019 yilning aprel-iyun oylarida Samarqand shahrida 4 ta oilaga – 1 nafardan, Narpay tumanida 2 ta oilaga – 2 nafardan bola tarbiyalash (patronat)ga berilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari qoshidagi vasiylik va homiylik organlari tomonidan ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalardan 1251 nafarining qonuniy manfaatlari himoya qilingan. Jumladan, 807 nafari vasiylikka, 153 nafari homiylikka, 163 nafari farzandlikka, 11 nafari go‘daklar uyiga, 19 nafari mehribonlik uylariga joylashtirilgan. Yana 64 nafarining mehribonlik uylarida bo‘lish muddati uzaytirilgan, 26 nafari mehribonlik uylaridan o‘z oilalariga qaytarilgan.

Umuman, qonun hujjatlarida yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tarbiya muassasalari va oilaga joylashtirishning 5 ta shakli mavjud. Bugungi kunga qadar vasiylikka, homiylikka, farzandlikka va mehribonlik uyi (davlat tarbiya va davolash muassasalari)ga joylashtirish amaliyotidan foydalanilmoqda. Biroq oldingi yillarda biror marta oilaga tarbiyalash (patronat) uchun berish amaliyoti qo‘llanilmagan.

Ayni paytda Samarqand shahridagi 1- va 10-sonli mehribonlik uylarida 260 nafar o‘g‘il-qizlar tarbiyalanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, tarbiyalanuvchilarning 14 nafari (5 foiz) chin yetim (otasi ham onasi ham yo‘q), 66 nafari (25 foiz) yarim yetim (otasi yoki onasi yo‘q), 43 nafari (16 foiz) ijtimoiy yetim (ota-onalik huquqidan mahrum etilgan), 120 nafari kam ta’minlangan oilalarning (46 foiz), 7 nafari (3 foiz) nogironligi bo‘lgan ota-onalarning, 10 nafari (4 foiz) ozodlikdan mahrum qilinganlarning farzandlari hisoblanadi.

Yig‘ilishda mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarning 120 nafari, ya’ni salkam yarmi kam ta’minlangan oilalarning farzandlari ekanligi alohida muhokama qilindi. Amaldagi tartibga ko‘ra, ushbu toifadagi tarbiyalanuvchilar bir yil muddatga ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida mehribonlik uyiga joylashtiriladi.

Biroq tuman (shahar) hokimligi huzuridagi vasiylik va homiylik bo‘yicha komissiya raislari – yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari komissiya a’zolari bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalarning turmush darajasini yaxshilash borasida zarur chora-tadbirlarni ko‘rmayapti. Oqibatda ayrim kam ta’minlangan oilalarning farzandlari 12-10 yillardan buyon mehribonlik uylarida qolmoqda.

Yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, mehribonlik uyida tarbiyalangan 18-23 yoshli fuqarolarga uy-joylar biriktirish yoki ajratish ishlari ham qoniqarsiz. Xususan, Samarqand shahrida 11 nafar, Past Darg‘om tumanida 6 nafar, Ishtixon va Urgut tumanlarida 4 nafardan, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Narpay tumanlaridan 2 nafardan, Kattaqo‘rg‘on shahri, Jomboy, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida 1 nafardan mehribonlik uyida tarbiyalanganlarning uy-joy bilan bog‘liq muammolari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Yig‘ilishda yakuniy xulosa shu bo‘ldi: tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi Vasiylik va homiylik bo‘yicha komissiya faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqishi kerak. Qayd qilingan muammolarni zudlik bilan qonuniy asosda bartaraf qilish bo‘yicha zarur choralar belgilash lozim.

Yo.Gadoyev.