Ota-onalar farzandi taqdiriga shunchalik befarqmi?

Yurtimizda koronavirus pandemiyasi sababli e’lon qilingan karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilmoqda. Bu cheklovlarning nima maqsadda va kim uchunligi ham barchamizga yaxshi ma’lum. O‘z navbatida, taqiq choralarining bekor qilishini ham o‘zimizga bog‘liq.

Afsuski, buni hamma ham anglab yetmayapti. Tibbiy himoya niqobi taqmay, jamoat joyiga chiqayotganlar yoki ko‘chada maqsadsiz yurganlar, umuman, karantin qoidalarini buzayotganlar orasida afsuski, yoshlar ham juda ko‘p. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ryapmiz, bugungi sinovli kunlarda ham o‘z bilganicha ish tutayotgan, karantin qoidalarini buzayotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda. Turli xil bo‘lmag‘ur video tasvirlarni e’lon qilayotganlar, huquq-tartibot idoralari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmayotganlarning ham ko‘pchiligi tengdoshlarimiz. Shuning uchun ham bugunga kelib viloyatimizda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37 taga (309/272) oshdi.

To‘g‘ri, shu paytgacha yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ichki ishlar idoralari, ta’lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda muntazam o‘tkazilgan “Payshanba profilaktika kuni”, “Barchasi o‘z qo‘lingda!” targ‘ibot dekadasi, “O‘quvchi”, “Davomat”, “Tungi nazorat” tadbirlarini karantin paytida tashkil etish biroz murakkab kechdi, ba’zida buning imkoni bo‘lmadi.

Lekin bu yoshlar istaganini qilsin, nojo‘ya yo‘llarga kirsin, degani emas-ku?! Har bir inson o‘z xatti-harakati, uning sabab va oqibatlarini o‘ylab ko‘rishi kerak emasmi? Qolaversa, uyda qolgan yoshlar doimiy ravishda ota-onalari ko‘z o‘ngida bo‘ldi. Nahotki, shu paytda ham ularni nazorat qilish imkonsiz bo‘lsa? Ota-onalar o‘z farzandlari ta’lim-tarbiyasiga, kelajagiga shunchalik e’tiborsiz bo‘lib qoldilarmi? Bu vazifani boshqalar bajarishi kerakmi?

Karantin boshlanishidan oldin, misol uchun, 2020 yilning fevral oyida viloyatimizda yoshlar jinoyati 133 tani tashkil qilgan edi. Bugun esa bu raqam 309 tani ko‘rsatmoqda. Bu shunchaki raqamlar emas, buning har biri bir yoki bir nechta yoshning taqdiri, buguni, ertasi ekanligini nahotki anglamaymiz!

G‘ofurjon BOBOBEKOV,

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi bo‘lim boshlig‘i.