Ota-onaning shaxsiy nomulkiy huquq va majburiyatlari: Samarqandda majburiyatini bajarmagan 13 kishi ota yoki onalikdan mahrum qilingan
Ota-onaning shaxsiy nomulkiy huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida belgilab qo‘yilgan. Qonun talablariga ko‘ra ota-ona o‘z bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga ega. Ular bola(lar) 18 yoshga to‘lganida, shuningdek, voyaga yetmagan bola(lar) nikohga kirganida hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda tugaydi.
O‘zaro nikohda bo‘lmagan voyaga yetmagan ota-ona ulardan bola tug‘ilganda hamda ularning onaligi va (yoki) otaligi belgilanganda 16 yoshga to‘lishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli.
Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart, ularning tarbiyasi va kamoloti uchun javobgar. Shuningdek, bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.
Ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi.
Ota-ona (ulardan biri) o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa, muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa, o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa va boshqa hollarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Bu ish sud tartibida amalga oshiriladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida 2019 yilning 11 oyi davomida ota-onaning shaxsiy nomulkiy huquq va majburiyatlari bilan bog‘liq 152 ta ish ko‘rib chiqilgan.
Shu jumladan, ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida 40 ta fuqarolik ishi ko‘rilib, 13 tasi qanoatlantirilgan, 19 tasi rad qilingan. Bundan tashqari, 7 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan va 1 ta ish boshqa sudga o‘tkazilgan.
Ushbu toifadagi ishlar tahlil qilinganda ota-onalik huquqidan mahrum qilishning ko‘pchiligini ota-onalarning o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi, jumladan, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashi tashkil qilgan.
Bola bilan ko‘rishib turish vaqtini belgilash to‘g‘risida 77 ta fuqarolik ishi ko‘rilib, 76 ta davo qanolatlantirilgan va 1 ta ish bo‘yicha rad qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarilgan.
Bolani olish bo‘yicha esa 35 ta ishi ko‘rilgan, 16 tasida da’vo talablari qanoatlantirilgan, 11 tasida rad qilingan, 6 ta ish ish yuritishdan tugatilgan, 2 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan.
T.USMANOV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi.