Ota-ona har bir inson uchun mo‘’tabar

Islom dini ma’rifatparvarlik va yuksak axloqiy g‘oyalarni ilgari surishi bilan ajralib turadi. Qur’oni karim va Hadisi sharifda ilgari surilgan axloqiy qarashlar inson ma’naviy-axloqiy tarbiyasida eng ta’sirchan va samarali tarbiya vositasi hisoblanadi.

Imom Buxoriy bobomiz ham payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarini to‘plab, ularni “Al-Jomi’ as-Sahih” va “Al-Adab al-Mufrad” asarlarida jamladi.

Imom Buxoriyning shoh asarlari bo‘lmish "Sahihi Buxoriy" kitobi Qur’oni karimdan keyingi eng to‘g‘ri, eng sahih kitob, deb e’tirof etilgan. Muhaddis mazkur hadis to‘plamida alohida “Odob kitobi”ni tasnif etib, unda odob-axloqqa oid hadislarni keltiradi. Agar e’tibor qilsak, Imom Buxoriy bu kitobni ota-onaga itoat qilish hamda ularning xizmatiga doim hoziru nozir bo‘lishga va ota-onaning xizmatini qilishning fazilatlari haqidagi hadislarni keltiradi.

Abdulloh ibn Mas’ud payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan so‘radilar: “Alloh uchun eng mahbub ish qaysidir?”. Payg‘ambar alayhissalom: “Vaqtida o‘qilgan namoz”. “Undan so‘ng qaysi amal?”. Payg‘ambarimiz “Ota-onaga yaxshilik qilish”, dedilar.

Bu Hadisi sharifda ota-onaga yaxshilik qilish, namoz o‘qishdan so‘ng eng afzal amal hisoblanmoqda. Ota-ona har bir inson uchun juda mo‘’tabar, e’zozli kishidir. Islom dini ota-ona kim bo‘lishidan qat’iy nazar, ularni hurmat-ehtirom qilishga buyuradi. Ota-ona mo‘min bo‘lsalar ham, kofir bo‘lsalar ham ularga yaxshilik qilish musulmonning burchidir. Ularning amrini bajarish ham farzandlik vazifasi hisoblanadi.

Ota-onamiz faqat dunyoga kelishimizning sababchisi bo‘lib qolmay, balki oxiratda Allohning roziligini olishga imkon beruvchilar hamdir. Bu esa siz bilan bizning xizmatimizga bog‘liq ekan. Xalqimizda “Ota rozi – Xudo rozi” degan maqol bor. Bu maqol aynan shu hadisning mazmunini anglatadi.

Shariatda ota-onaning g‘azabini keltirish eng katta gunohlardan biri hisoblanib, uning darajasi ularga oq bo‘lgan kishining gunohi bilan tenglashtirilgan. Ota-onaga oq bo‘lish – ota-onaga ozor berish, xafa qilish va buyruqlarini bajarmaslikdan iborat. Farzandning ota-onasiga oq bo‘lishi uchun uni ota-onasi “oq qildim” deyishi shart emas. O‘zi to‘q bo‘lib, ota-onasini och o‘tirishi yoki ularning dilini og‘ritadigan ishlarni mudom qilishi yoki ularni norozi qiladigan ishlari farzandni o‘zi bilmagan holda ota-onasiga oq bo‘lishiga olib keladi.

Shuningdek, Imom Buxoriy o‘z asarida chiroyli xulq va go‘zal muomala haqida rivoyat qilingan hadislarni ham keltirib, mo‘min kishining hayotida odob-axloqning yuqori o‘rinda turishini ta’kidlaydi: Rasululloh alayhissalom “Darhaqiqat, sizlarning yaxshingiz – xulqi yaxshi bo‘lganingizdir!”, deb marhamat qiladilar.

 Inson axloqini tubanlashtirib, jamiyatda turli muammolar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradigan, mo‘min kishiga xos bo‘lmagan sifatlar - bu ota-onani norizo qilish va yolg‘onchilik, yolg‘on guvohlik berishdir.

Yolg‘on so‘z va yolg‘onchilikda jamiyatning buzilishi, uni tanazzuliga sabab bo‘luvchi omillar shakllanadi. Shuning uchun yolg‘on so‘z va yolg‘onchilik shariatimiz tomonidan qattiq qoralangan illatlardan biridir. Hatto payg‘ambarimiz alayhissalom boshqa hadislarida: “Yolg‘onchilar mening ummatim emas” deb, bunday yomon sifatli kishilarni islomdan yiroqda ekanligini aytganlar. Ammo janjallashib qolgan ikki kishi yoki er-xotinning orasini isloh qilish uchun yolg‘on so‘z ishlatishga ijozat berilgan. Chunki bu yolg‘on zamirida shaxsiy manfaat emas, balki jamiyatning islohi yotadi.

Shuningdek, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” hadis to‘plamida axloqiy masalalar bilan bir qatorda ijtimoiy masalalar va ularning yechimlari bayon qilingan muborak hadislar ham o‘rin olgan. Jumladan, g‘iybat, chaqimchilik, gap tashish, hasad, arazlashish kabi salbiy illatlar va  savdo-sotiq, zakot, yetimlar, qarindoshlar, yoshi ulug‘larni hurmatlash kabi o‘zaro muomali yechimi bayon qilingan.

Har bir ota-ona o‘z farzandlarini odob-axloq ruhida tarbiyalab, salomlashishdan boshlab, kattalarni hurmat qilish, ularning nasihatlariga amal qilishga, to‘g‘ri so‘z va muloyim bo‘lishga, muhtojlar diliga malham bo‘lish ta’limini berishi lozim. Farzandlarimizning eng yaxshi fazilatlar sohibi bo‘lib kamol topishida Qur’oni karim va Hadisi sharifning o‘rni beqiyos.

Barot AMONOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hadisshunoslik bo‘limi boshlig‘i.