Bolasini yaqinlariga qoldirib ketayotgan ota-onalar nima yutqazadi?
Bugun yoshlar qalbida yovuzlik, vahshiylik qanday paydo bo‘lyapti, degan savol ko‘pchilikni o‘yga toldiradi. Kimdir bolani internet saytlar buzyapti desa, yana kimdir ota-ona qarovsiz qoldirib, chet elga ketgani sabab, deb izohlayapti. Aslini olganda ikki holat ham to‘g‘ri.
Yoshlar bugungi mavjud imkoniyatlardan ko‘pincha noto‘g‘ri foydalanyapti. Ular internet materiallaridan har xil jangari film, o‘yin, buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qiladigan saytlarni ko‘rishni odat qilmoqda. Oqibatda bola qo‘rs, ishyoqmas, bemehr bo‘lib ulg‘ayayapti.
Farzandi kelajagi uchun, unga yaxshi sharoit yaratish maqsadida xorijga ketayotgan ota-onalar bir narsani unutmoqda. Farzandni to‘kis hayot va boylik bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Bola mehr-muhabbatga muhtoj. Hech kim bolaga ota-ona mehrini berolmaydi. Bolasini yaqinlariga qoldirib ketayotgan ota-onalar ba’zida bolani olib qoladigan odam topilganidan xursand bo‘ladi. Ammo u ma’naviyatli, madaniyatlimi? Birovning farzandi uchun joni achiydimi, bu tarafini o‘ylamaydi. To‘g‘ri, yaxshi yediradi, kiydiradi, qimmat telefon olib beradi. Ammo uni to‘liq nazorat qila oladimi, shu tomonlariga ahamiyat bermaydi. Xo‘sh, bolani qanday tarbiyalash kerak?
Bola ongiga yoshligidanoq insonparvarlikka yo‘g‘rilgan g‘oyalarni adabiyot va nafis san’at vositasida singdirish lozim. Chunki bolaning ongi shudgor qilingan, ammo hali hech qanday urug‘ sepilmagan tuproqqa o‘xshaydi. Unga qanday urug‘ sepsangiz shunday hosil yetiladi. Qalbini san’at, adabiyotdagi ezgulik va insonparvarlik g‘oyalari band qilgan bolaning ongiga yovuz g‘oyalarning kirishi qiyin bo‘ladi. Bu fikrlarni tajribada sinab ko‘rgan eng ulug‘ pedagoglar qayta-qayta ta’kidlaganlar.
Prezidentimiz beshta tashabbusni bekorga olg‘a surmayapti. Bu tashabbus zamirida ulug‘ g‘oyalar, niyatlar yotibdi. Yoshlar ongiga kitob o‘qish, san’at va adabiyotga, she’riyatga ixlos orqali ezgulik, vatanparvarlik g‘oyalarini singdirish lozim. Bola maktabga kelganidan boshlab emas, balki ona allasidan, buvijonlar ertaklaridan ularni adabiyotga oshno qilishimiz kerak. Chunki san’at va adabiyot yovuzlik kushandasidir. San’atga oshno bo‘lgan bolaning qalbida ezgu xislatlar bo‘ladi. Bu asrlar davomida hayot sinovlaridan o‘tgan haqiqat.
Gulnora ERMATOVA,
Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.