20 nafar sobiq chempionlar “O‘zbekiston sport faxriysi” bo‘ldi

Samarqand shahrida jahon va xalqaro musobaqalar g‘oliblari, Osiyo chempionlari bo‘lgan bir guruh samarqandlik sport faxriylari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi raisi maslahatchisi Igor Baraban, viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botir Nurullayev, senator Farmon Toshev, sport faxriysi Hamroqul Rofiyev va boshqalar Samarqand sporti tarixiga to‘xtalib, erishilgan yutuqlar, boy berilgan imkoniyatlar tafsilotlari haqida o‘rtoqlashdi.

Tadbirda ishtirok etgan faxriylarning aksariyati jahon, Osiyo arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, chempion bo‘lgan, shaxsiy rekord o‘rnatgan.

-  Hozir yosh sportchilarga bizning davrimizdagidan ko‘ra o‘n karra ko‘proq sharoit yaratilganini ko‘rib ko‘zim quvnaydi, - deydi yugurish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan nurobodlik faxriy sportchi Umrzoq O‘rinov. – Yoshim saksonda, lekin bugun ham yugurish, yengil atletika va badantarbiya mashqlarini bajarib kelaman. Aksariyat paytlarda qishloqdoshlarim, nabiralarim bilan Tim qishlog‘imizdagi mo‘’jazgina maydonda shug‘ullanamiz.

Uchrashuvda 20 nafar sport faxriylariga O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi tomonidan “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni va guvohnomasi topshirildi, sovg‘alar ulashildi. Bir piyola choy ustida davom etgan tadbirda, qiziqarli voqelar esga olindi.

Husan Eltoyev.