2018 yil 1 yanvardan…

Maktabgacha ta’lim muassasalarida yangilangan ovqatlanish me’yorlari joriy etiladi. 
* * *
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan tamaki mahsulotlarining aksiz solig‘i stavkalari 2,2 barobarga oshirildi.
* * *
Tadbirkorlik sub’yektlariga "Yagona darcha" tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joylardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yuritadigan Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi. 
* * *
Jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 2 ming AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketishda yozma ravishda majburiy deklaratsiya taqdim etish tartibi, tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketishlariga ruxsatnoma berish bekor qilindi. 
* * *
Faoliyat ko‘rsatish turi va uni amalga oshirish joyidan qat’i nazar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun bir oyda eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hisobidan ishga yollangan har bir ishchi uchun - bir oyda eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida qat’iy belgilangan soliq stavkasi o‘rnatiladi. 
* * *
Barcha guruh iste’molchilariga suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish 100 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun yangilangan tariflar joriy etiladi. 
* * *
Ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi; 
* * *
 Jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i 2017 yilda inventarizatsiya qiymatidan kelib chiqib hisoblangan bo‘lsa, 2018 yildan kadastr qiymatiga nisbatan hisoblanadi. 

* * *
Yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i faqat ko‘chmas mulklar uchun to‘lanadigan bo‘ldi. 
* * *
Jismoniy shaxslarning yer solig‘i joriy yilda 1,5 barobarga oshirildi. 
* * *
Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob varaqlariga o‘tkaziladigan majburiy badal miqdori 1 foizdan 2 foizga oshirildi. 
* * *
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasining ikkinchi shkalasi (eng kam ish haqining 1 baravaridan 5 baravarigacha) 2017 yildagi miqdorda o‘zgarishsiz saqlab qolinib, uchinchi shkalasi (eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha) - 16,5 foiz, to‘rtinchi shkalasi (eng kam ish haqining 10 baravaridan yuqorisi) 22,5 foiz miqdorida, ya’ni o‘tgan yilgiga nisbatan 0,5 foizli punktga pasaytirilgan.
Eng kam oylik ish haqining bir baravarigacha ya’ni, 172.240 so‘mgacha bo‘lgan daromadlar soliqqa tortilmaydi.
Shuningdek, endi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqishda eng kam oylik ish haqining yil boshidagi miqdori (2018 yil 1 yanvar holatiga 172.240 so‘m)dan kelib chiqib hisoblanadi va eng kam oylik ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda ham o‘zgarmaydi.