2019 yil Samarqand viloyati hayotida (aprel, may, iyun)
Aprel
6 aprel - Samarqandda O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kasaba uyushmalari federatsiyalari vakillari ishtirokida “Transmilliy korporatsiyalarga va ijtimoiy siyosatga taalluqli prinsiplar to‘g‘risidagi uch tomonlama deklaratsiyasi: kasaba uyushmalari uchun harakatlar vositasi” mavzusidagi xalqaro seminar o‘tkazildi.
10 aprel - Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Xitoyda “Bir kamar, bir yo‘l” xalqaro forumida ma’ruza qildi.
12 aprel - Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan Samarqandda “O‘zbek ayoli – fuqarolik jamiyatida” mavzusida fotoko‘rgazma hamda o‘zbek milliy kiyimlari va an’anaviy “Ikat” mavzusida modalar namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi hovlisida “Mirzo Ulug‘bek” spektakli namoyish etildi va unda bosh rol – Mirzo Ulug‘bek obrazini mashhur fransuz aktyori Fransua Shato ijro etdi.
13 aprel - Yurtimizda mehmon bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vladimir Shamanov boshchiligidagi Rossiya Qahramonlari assotsiatsiyasi delegatsiyasi Samarqandda bo‘ldi.
16 aprel - Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar bo‘yicha vaziri huzuridagi davlat kotibi Jan-Batist Lemuan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi. Ular Samarqand shahrida tashkil etilgan fransiyaning faxriy konsulligi ochilishida ishtirok etdi.
20 aprel - Mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirgan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqandga tashrif buyurib, qadimiy va hamisha navqiron shahardagi tarixiy-madaniy yordgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishdi.
27 aprel - Samarqand shahrida viloyat ichki ishlar boshqarmasining yangi tashkil etilgan xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi hamda “Situatsion markaz” uchun bunyod etilgan bino foydalanishga topshirildi. Bu yerda Samarqand shahrida mavjud 4 mingdan ortiq video kuzatuv kameralarining 1100 dan ziyodi geoinformatsion tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulandi.
***
Samarqandda turizmni rivojlantirish maqsadida Samarqand nonlari va milliy taom – palov sayli o‘tkazildi.
29-30 aprel - Samarqand shahrida «Islom Karimov o‘qishlari: Islom Karimov – davlat mustaqilligining asoschisi» mavzusida respublika ilmiy anjumani o‘tkazildi.
May
1 may - Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy, Registon, Universitet xiyoboni va bir qancha joylarda favvarolar sayli o‘kazildi.
6 may - viloyat endokrinologiya dispanserining qabul, bolalar endokrinologiyasi, intensiv davolash va reanimatsiya bo‘limlari joylashgan yangi binosi foydalanishga topshirildi. Yangi binoda 40 ziyod laborator tahlillarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
9 may - Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyatidagi 70 nafar urush qatnashchisining xonadoniga borgan holda ularga pul mukofoti va bayram sovg‘alari topshirildi.
13-14 may - viloyatimizda «O‘zbekiston umumiy uyimiz» an’anaviy madaniyat va do‘stlik festivali o‘tkazildi.
14 may - Samarqand shahridagi «Dinamo» tennis kortida professional tennischilar uyushmasi (ATR) musobaqalari taqvimidan joy olgan xalqaro «Chellenjer» turniri o‘tkazildi. Unda 24 ta mamlakatdan 53 nafar mohir tennischilar qatnashdi.
19 may - Samarqandda «Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!» shiori ostida viloyat hokimligi tashabbusi bilan ommaviy yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
24 may - Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
24 may - Samarqandda Xitoy, Rossiya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Bosniya va Gersagovina, Polsha, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston mamlakatlarining yetakchi olimlari, turizm sohasi mutaxassislari ishtirokida «Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida ziyorat turizmining renessansi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshladi.
27 may - Samarqandga tashrif buyurgan Jahon hunarmandlar kengashi (WCC)ning Osiyo - Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Gada Kaddumi Samarqandga “Xalqaro hunarmandlar shahri” maqomini berishni taklif qildi.
Iyun
1 iyun - Barcha tuman va shaharlardagi madaniyat va istirohat bog‘larida xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Har bir bolaga mehr, e’tibor!» shoiri ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
6 iyun - Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
11 iyun - Tojikistonning bir guruh jurnalistlari O‘zbekiston bo‘ylab tashkil etilgan press-tur doirasida viloyatimizga ham tashrif buyurdi.
15 iyun - Samarqand shahrida professional qo‘l jangi bo‘yicha R-1 yo‘nalishida xalqaro turnir o‘tkazildi.
18 iyun - Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Bangladesh Xalq Respublikasi Prezidenti Muhammad Abdul Hamid O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov hamrohligida Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
20 iyun - Samarqand davlat universitetida «Bahodir Yalangto‘shning Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
23 iyun - O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan kasaba uyushmalari yoshlarining «TEMP-2019» Toshkent xalqaro forumi ishtirokchilari Samarqandda bo‘ldi.