2019 yilda portlovchi moddalar muomalasi bilan shug‘ullanuvchi 118 ta jinoyat aniqlangan

IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil davomida o‘q otar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari muomalasi bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlash borasida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 118 ta jinoiy holatlar aniqlangan.

Qayd etilishicha, 16 ta jinoiy holat kontrabanda yo‘li bilan amalga oshirilgan. Aniqlangan 118 ta jinoiy holat bo‘yicha 127 nafar (shundan 5 nafari chet el fuqarolari) shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslardan 114 dona qurollar: 2 dona pistolet, 2 dona qo‘lbola usulda yasalgan qurol va 110 dona ov qurollari, 1340 dona o‘q-dorilar, 1 dona trotil shashka va 2 dona granatalar, 46 kilogramdan ziyod portlovchi moddalar hamda 1 dona qo‘lbola usulda yasalgan portlovchi qurilmalar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Bundan tashqari, aholi o‘rtasida qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi yuzasidan olib borilgan profilaktik tushuntirish ishlari natijasida 2019 yil davomida 114 nafar fuqarolardan 771 dona qurol-yarog‘lar (shundan 8 dona pistolet, 109 dona boshqa turdagi qurol-yarog‘lar, 654 dona ov qurollari, 3705 dona patronlar, 5 dona granata, 1326 gramm portlovchi moddalar) ixtiyoriy ravishda topshirildi.

Bu shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan.