Ukraina elchixonalari portlovchi va tahdidli posilkalar kelishi davom etmoqda: Qozog‘iston politsiyasiga ham bu bo‘yicha xat kelgan
Yevropaning olti davlatidagi Ukraina elchixonalari va konsulliklariga pochta orqali hayvonlar qoldiqlari solingan paketlar jo‘natishgan, deya xabar beradi Ukraina TIV.
Shunday qilib, Chexiyaning Brno shahridagi konsullik va qo‘shni bolalar bog‘chasi shunday bir posilka olganidan keyin evakuatsiya qilindi.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi vakili Oleg Nikolenkoning aytishicha, posilkaga hayvonlarning ko‘zlari solingan. Kiyevda bularning barchasi terror va qo‘rqitishning yaxshi rejalashtirilgan va uyushtirilgan kampaniyasi doirasida amalga oshirilayotganiga ishonishadi.
Shuningdek, hayvonlarning ko‘zlari tushirilgan posilkalar Ukrainaning Polsha, Vengriya, Xorvatiya, Italiya va Niderlandiyadagi diplomatik vakolatxonalariga yuborilgan.
Chorshanba kuni Ukrainaning Madriddagi elchixonasiga yuborilgan paket portlab, bir xodim jarohatlangan edi. Ukrainaning Vatikandagi elchisi Andrey Yurash payshanba kuni tushdan keyin uning Rimdagi qarorgohiga kirish eshigi buzib tashlanganini aytgan.
Shuningek, Qozog‘iston politsiyasi Ostonadagi Ukraina elchixonasi binosiga o‘rnatilgani portlovchi qurilma haqidagi xat mualliflarini qidirmoqda, deb xabar berdi Qozog‘iston IIV matbuot xizmati.
“1 dekabr kuni Ukraina elchixonasi konsuli politsiya bilan bog‘lanib, elektron pochtasiga xat kelganini ma’lum qilgan. Hodisa joyiga maxsus xizmatlar yetib keldi. Tekshiruv davomida portlovchi moslamalar topilmadi. Evakuatsiya qilinmadi, tahdid bartaraf etildi. Politsiya voqeaga aloqador shaxslarni qidirmoqda", - deyiladi matbuot xizmatining yakshanbaga o‘tar kechasi tarqatilgan xabarda.