2020 yil uchun mo‘ljallangan madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlari ro‘yxati e’lon qilindi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2020 yilda madaniy-ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlarining yagona taqvimini tuzdi.

Yagona taqvimda O‘zbekiston hududida o‘tkaziladigan 90 ga yaqin mahalliy va xalqaro tadbirlar ro‘yxati, ularning turlari, joylashgan joyi, sanasi hamda tashkilotchilari ko‘rsatilgan.

Xususan, taqvimdan Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 21 ta festival va tadbirlar ro‘yxati keltirilgan. Jumladan, mart oyida Jomboy tumani Qo‘ng‘irot mahallasi hududida viloyat hokimi sovrini uchun uloq-ko‘pkari musobaqasi, aprel oyida Samarqand shahridagi ko‘rgazmalar zalida «Amaliy san’at – istiqbolli yoshlar qo‘lida» respublika yosh hunarmandlar mahsulotlari ko‘rgazmasi tanlovi, may oyida «Asiavision» - Osiyo mamlakatlari xonandalari o‘rtasida estrada qo‘shiqlari tanlovi o‘tkaziladi.

- Mazkur taqvimni yaratishdan asosiy maqsad xorijiy sayyohlarni yurtimizga jalb qilish va O‘zbekiston brendini xalqaro turizm bozorida keng targ‘ib qilishdan iboratdir, - deyiladi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabarida. - Taqvimdan xalqaro konferensiyalar, seminarlar, xalqaro va milliy ko‘rgazma va yarmarkalar, milliy cholg‘u asboblari konsertlari, sport musobaqalari va tadbirlari, milliy hunarmandchilik sohasidagi tadbirlar, teatr va ko‘ngilochar tomoshalar va milliy o‘yinlar, turistik va madaniy meros ob’yektlarida o‘tkaziladigan tadbirlar o‘rin olgan.