2021 yildan don uchun davlat buyurtmasi kamaytiriladi

Prezidentimiz 2020 yil 28 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qildi. 

Unga ko‘ra, “oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish” yo‘nalishida 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab aholini don mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish maqsadida intervension xaridlar tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ya’ni, 2021 yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, boshoqli don xarid qilish va sotishda erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor mexanizmlarini joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi tizimidan davlat zaxirasidan foydalanishga o‘tish bo‘yicha mexanizm ishlab chiqiladi. 

“Sohada davlat ishtirokini kamaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish” uchun 2020 yil 1 martdan paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishda band bo‘lmagan maydonlarda tuproq-iqlim sharoitlari va bozor kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimi joriy etiladi. 

Jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini tanlov orqali berish, ularga maxsus geoportal orqali tanlovga qo‘yiladigan yer maydonlarini tanlash imkoniyatini yaratish, qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijara huquqi asosida foydalanishga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish elektron shaklda amalga oshiriladi. 

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yishning amaldagi tartibini qayta ko‘rib chiqib, yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanilishi va ekologik vaziyatning yomonlashuvini asosiy mezonlardan biri sifatida belgilagan holda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni bekor qilishning shaffof va adolatli mexanizmlari joriy etiladi. Jismoniy va yuridik shaxslarga keyinchalik tanlovga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish huquqini taqdim etgan holda maxsus geoportal orqali yer uchastkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish huquqi beriladi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish huquqining bozor qiymatini baholash hamda ulardan soliqqa tortishda foydalanish mexanizmi joriy etiladi.

Tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari tomonidan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan zaxira yerlaridan yer uchastkalarining ro‘yxati tuziladi va ular tanlovga qo‘yiladi. Jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijara huquqi asosida foydalanishga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish elektron shaklda amalga oshiriladi. 

 “Boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish” uchun davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha xususiy sektor bilan hamkorlikni kuchaytirish, vertikal va gorizontal boshqaruv tizimini takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha kasbiy rivojlanish dasturlari ishlab chiqiladi.

Sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash orqali irrigatsiya sohasi xarajatlarini kamaytirish hisobiga ilmiy-tadqiqot ishlariga xarajatlar oshiriladi. 

“Ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish” uchun 2020 yil 1 martdan agrosanoat majmuiga kiruvchi ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba muassasalarining bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish shartlariga o‘tkaziladi. Bunda majmua tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari byudjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.