2022 yilning g‘alati ixtirolari: Rangini o‘zgartiradigan mashina, josus lampochka, tishlaydigan robot...
Yangi yil boshlanganidan bir muncha vaqt o‘tgach, Las-Vegasda dunyodagi asosiy texnologiya ko‘rgazmalaridan biri CES-2022 o‘z ishini boshladi. Oxirgi ikki yilda bu tadbir birinchi marta odatdagidek o‘tkazildi. 2021 yilda ko‘rgazma onlayn tarzda bo‘lib o‘tganligiga qaramay, u o‘z-o‘zidan davom etmoqda. Muhimi, ko‘rgazma iste’mol sektoridagi jiddiy IT-relizlardan tortib juda g‘alati ixtirolarni ochib kelmoqda.
Bugun “Lenta.ru” to‘plagan CES-2022 ko‘rgazmasining eng ko‘zga ko‘ringan, biroq oddiy odamlar uchun tushunarsizroq bo‘lgan qurilmalarni namoyish etamiz.
Rangini o‘zgartiradigan mashina
Yangi konseptual BMWning elektron kitob bilan umumiy jihatlari ko‘p. iX Flow kuzovi kitobxonlar ekranidagi kabi millionlab siyoh mikrokapsulalar bilan qoplangan. Elektr maydonining sozlamalariga qarab, kapsulalar o‘z rangini qora yoki oq rangga o‘zgartiradi, buning yordamida siz bir zumda avtomobil rangini “bo‘yab” o‘zgartirishingiz mumkin. Muhandislarning fikricha, bu ixtironing nafaqat estetik, balki amaliy tomoni ham bor. Mashinaning oq “tana”si issiqda kamroq qiziydi, qorasi esa aksincha, qishda foydali bo‘lishi mumkin.
Qiziq, turli mamlakatlar politsiyasi xameleon avtomobillarga qanday munosabatda bo‘lar ekan, chunki bir zumda o‘z rangini o‘zgartiradigan mashinadan ko‘proq jinoyatchilar foydalanishi mumkin.
Barmoq chaynaydigan o‘yinchoq
Yaponiyaning Yukai Engineering startapi CES-2022 ko‘rgazmasida barmoqni chaynaydigan “Amagami Nyam-nyam” yumshoq o‘yinchog‘ini taqdim etdi. Taxminlarga ko‘ra, qurilma konsepsiyasi insonning, xususan, farzandlariga uy hayvonlarini sotib olishga qodir bo‘lmagan yosh ota-onalar talab va ehtiyojlariga asoslanadi. Negaki, ko‘pincha chaqaloqlar uy hayvonlarini xush ko‘radi va barmoqlarini yengilgina tishlashidan xursand bo‘lib, tinchlanadi.
Aqlli lampochka
Sengled lampochkasi kelajakdan kelgan qurilmaga o‘xshaydi – u xonada bo‘lgan odamning sog‘liq ko‘rsatkichlarini kuzatadi. Qurilma yurak tezligi, tana haroratini o‘lchaydigan va uyqu sifatini kuzatuvchi to‘lqinlarni chiqaradigan maxsus FMCW radaridan foydalanadi. U shunday dasturlashtirilganki, agar foydalanuvchi kasal bo‘lib qolsa, lampochka uning qarindoshlariga xabar beradi yoki tez yordam chaqiradi.
Aqlli lampochkadan uy xavfsizligi vositasi sifatida ham foydalanish mumkin. U egasi yo‘qligida xonadonda boshqa odam borligini aniqlasa, bu haqda xabar beradi. Shuningdek, butun uy bo‘ylab joylashtirilgan qurilma butun kvartira ichidagi favqulodda vaziyatlar haqida qutqaruv xizmatlarga xabar berish imkonini beradi.
Dumaloq smartfon
Ko‘rgazma kuzatuvchilari smartfonlar bozorida biror bir boshqa dumaloq qurilma yo‘qlini ta’kidlaydilar: oddiy telefonlar qat’iy to‘rtburchak shaklga ega. Lekin Cyrclephone – bu qoidalar istisnosi. Uning yaratuvchilari CESga 2020 yilda dumaloq korpusli qurilmani olib kelishgan edi, biroq ikki yil o‘tib ham ular “hamma kabi emas” telefonlar kelajagiga ishonishadi.
Cyrclephonening tashqi ko‘rinishi o‘ziga xos, ammo amaliy foydalanish nuqtai nazaridan u shunchaki noodatiy dizaynga ega smartfon.
Havo tozalovchi quloqchin
Airvida E1 dunyodagi birinchi havo tozalovchi minigarnitura sifatida taklif etildi. Haqiqatan ham ilgari bu kabi gajetni yaratish kimning ham xayoliga kelgan edi. Qurilmaning prototipi 2019 yilda sotuvga chiqarilgan, koronavirus pandemiyasi esa ijodkorlarni noodatiy garniturani yaratishga undagan. Nazariy jihatdan minigarnituralar havoda uchib yuradigan SARS-CoV-2 zarralarini tortib olishi va havoni tozalashi mumkin.
Qurilmadan havoni tozalash bilan birga an’anaviy simsiz eshitish vositasi sifatida foydalanish mumkin. Birinchi holatda bitta batareya zaryadi muddati o‘ttiz soat, ikkinchisida esa sakkiz soat ishlash uchun yetarli.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.