2023 yilda 602 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan
O‘tgan yilda kadastr agentligi viloyat boshqarmasi hamda tuman (shahar) bo‘limlariga 1435 ta murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati ko‘rib chiqilib, katta qismiga ijobiy yechim topilgan. Ayrim yer bilan bog‘liq noqonuniy murojaatlarga rad javobi berilgan.
Respublikamizda yer resurslari cheklanganligi bois noqonuniy yerlarni o‘zlashtirishga qarshi huquqiy choralar kuchaytirilayotganiga qaramay ayrim uddaburonlar tomonidan hamon yerni qonuniy egallash holatlari uchramoqda.
Birgina 2023 yilda yer munosabatlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2223 holatda 602,3 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi va yer qonunbuzilish holatlari kuzatilgan. Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan agentlikning tuman bo‘limlari tomonidan yer qonunbuzilishini sodir etgan shaxslarga berilgan tushuntirish va yozma ko‘rsatmalar natijasida 1000 holatda 269,4 gektardagi yer qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy bartaraf etilib, dastlabki holatiga qaytarilishi ta’minlangan.
Viloyat Matbuot uyida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari tomonidan 2023 yildagi ishlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda ma’lumot berildi.
- Biroq berilgan tushuntirish va yozma ko‘rsatmalarga qaramasdan belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilmagan 1062 holatda 315,3 gektardagi yer qonunbuzilish holatlari yuzasidan sud idoralariga noqonuniy qurilmani buzdirish va egallangan yer maydonini yer egasiga qaytarish yuzasidan da’vo arizalari kiritildi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hasan Shermatov. – O‘zboshimchalik bilan yerni egallash bo‘yicha prokuratura organlariga 219 holatda 28,9 gektar maydondagi qonunbuzilish holatlari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi. O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar toifalarga ajratilganda qishloq xo‘jaligi yerlari 553,7 gektar, aholi punktlari yerlari 26,9 gektar, sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa yerlar 8,8 gektar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekratsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yer maydonlari 0,6 gektarni tashkil etadi. Shuningdek, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar 0,7 gektar, o‘rmon fondi yerlari 4,5 gektar, suv fondi yerlari 6,0 gektar, zaxira yerlari 1,2 gektarni tashkil qiladi. Boshqarma va tuman, shahar bo‘limlarimiz tomonidan 2023 yilda jami 3181 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, shundan 3088 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Qo‘llanilgan jarimalar summasi 26 milliard 132,6 million so‘m, ixtiyoriy to‘langan jarimalar (1338 ta) 4 657,5 million, MIB tomonidan undirilgan jarimalar (92 ta) 363,9 million, MIBda qoldiq bo‘lib turgan jarimalar (490 ta) 11 288,5 million, umumiy undirilgan jarimalar (1430 ta) 5 021,4 million, qoldiq jarimalar (288 ta) 6 330,6 million so‘mni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun: yerlarni talon-toroj qilinishining oldini olish va sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha “Ye-YER NAZORAT” tizimi amaliyotga joriy etilgan. Aniqlangan yer qonunbuzilish holatlari va qo‘llanilgan ma’muriy bayonnomalar, jarimalar ushbu tizimga doimiy ravishda kiritilib boriladi. “Ye-YER NAZORAT” tizimiga tegishliligi bo‘yicha prokuratura, ichki ishlar, sud va boshqa vakolatli organlar integratsiya qilingan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.