2023 yildagi ilmiy sensatsiyalar
Olimlar har yili ilm-fanning barcha muhim sohalarida yutuqlarga erishib kelmoqda, 2023 yil ham bundan mustasno emas. Bugun yaqin kelajakka kor berishi mumkin bo‘lgan eng shov-shuvli ilmiy kashfiyotlar bilan tanishamiz.
Inson fikrini o‘qiy oladigan SI dekoder
Ostindagi Texas universiteti (AQSh) tadqiqotchilarining ishi “miya faoliyatiga asoslangan til kodlarini ochish tizimi”ni tasvirlaydi. Bu tizim uzluksiz miyadagiaktivlikni matn oqimiga aylantira oladi.
Tizim funksional MRT skaneridan foydalanishga asoslangan. Nashr etilgan tadqiqot ma’lumotlarni tahlil qilish uchun “ChatGPT” yoki “Bard” kabi generativ sun’iy intellekt modellaridan foydalanilishni taqozo etadi. Hozircha bunday muolaja miya "nima degan"ini tom ma’noda ochib bermasdan, balki asosiy fikrni namoyon qiladi, jarayon natijasida matn hosil bo‘ladi.
Olimlar bu ishlanma keyinchalik, aytaylik, insultdan keyin ongda bo‘lgan, lekin "klassik" tarzda gapirish qobiliyatini yo‘qotadigan odamlar bilan muloqot qilishiga yordam beradi, deb umid qilmoqdalar.
46 ming yil o‘tib... chuvalchang jonlandi
“PLOS Genetics” veb-saytida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, Rossiya Fanlar akademiyasi Tuproqshunoslik fizik-kimyoviy va biologik muammolari instituti olimlari Sibirning abadiy muzliklarida taxminan 46 ming yil davomida qolib ketgan nematoda qurtini jonlantirishga muvaffaq bo‘ldi.
Tadqiqotchilar Sibir shimoli-sharqidagi Qolima hududidan 40 metr chuqurlikdagi abadiy muzliklarda dam olayotgan qurtdan namuna oldilar. “Sky News”ga bergan intervyusida ular uni suv bilan jonlantirishga muvaffaq bo‘lishganini aytgan. Qurt bir oydan kamroq vaqt yashagan bo‘lsa-da, 100 dan ortiq yangi avlodlarni dunyoga keltirishga muvaffaq bo‘ldi.
Olimlarning fikriga ko‘ra, kashfiyot evolyusiya jarayonini tushunib olish uchun muhimdir, chunki amaliyot vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketgan alohida hayvonlar turlarini qayta tiklashga hissa qo‘shishi mumkin.
O‘simliklar ham baqiradi
“Suvsizlanish yoki poyalarni kesishda stress holatida bo‘lgan o‘simliklar bizning quloqlarimiz sezmaydigan tovushlarni chiqaradi, lekin ularni hasharotlar, sutemizuvchilar va ehtimol boshqa o‘simliklar eshitishi mumkin”, deya ta’kidlaydi isroillik tadqiqotchilar “Cell” jurnalida.
Tel-Aviv universiteti biologlari bir qator laboratoriya tajribalaridan so‘ng pomidor va tamaki namlik yetishmasa yoki namlik ko‘p bo‘lib chiriy boshlagan paytda ularning tovushlarini qayd etishdi. Qichqiriq ultratovush diapazonida maxsus qurilmalar orqali eshitilishi sababli odamlar uni eshitmaydi. O‘simliklarning tovushlari sekin chirsillashga o‘xshaydi. Tovushlar turlari ham stress sababiga qarab turlicha bo‘lgan. Kelajakda bu kashfiyotdan qishloq xo‘jaligi sug‘orish tizimlarida ekinlarning gidratatsiya tizimi holatini kuzatish va suvni samaraliroq taqsimlash uchun o‘simliklarning ovozli yozuvlaridan foydalanish mumkin, deydi mutaxassislar.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.
(Davomi bor).