Samarqandning 2023 yilgi byudjeti haqida mulohazalar: Qachongacha agrar sohaga jalb etiladigan investitsiyalar sanoatga nisbatan past bo‘ladi?
2022 yilning 29 dekabrida xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori asosida Samarqand viloyatining 2023 yilgi byudjeti tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot hajmi 74,5 trln. so‘m bo‘lishi, uning o‘sish sur’ati 6,1 foiz, jumladan, sanoatda 7,3 foiz, qishloq xo‘jaligida 3,7 foizga o‘sishi ko‘zda tutilgan.
Savol tug‘iladi: nima uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi, sanoat uchun xomashyo yetkazib beruvchi, eksport salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi agrar sohaning o‘sish sur’atlari boshqa sohalardan ko‘ra pastroq bo‘lishi kerak?! Albatta, bunday yondashuv natijasi o‘laroq, iste’mol tovarlari narxining yillik indeksi 12 foizdan past bo‘lmaydi-da. Ta’kidlash joizki, bunday holat nafaqat Samarqand viloyati, balki butun respublikaga ham xos bo‘lgan narsa.
Iqtisodiyot nazariyasidan ma’lumki, agrar soha kapitalining texnik tuzilishi bu yerdagi ishlab chiqarishni boshqa sohalarga nisbatan kamroq mablag‘lar bilan va tez sur’atlarda oshirish imkoninini beradi. Nega bizlar umumbashariyat rioya qilib kelayotgan iqtisodiy qonunni inkor qilishimiz kerak? Qachongacha agrar sohaning asosiy kapitaliga jalb etiladigan investitsiyalar sanoatga nisbatan 2-3 marta past bo‘lib qolaveradi?
Agar viloyat YaHMni 2023 yilda mamlakat bo‘yicha bashorat qilinayotgan YaIM bilan solishtirsak, 7,5 foizlik ulush kelib chiqadi, bu esa aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahsulot mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha past degani. Shu sababdan, mahalliy byudjetning daromadlari xarajatlarga nisbatan 2,2 trln. so‘m kam miqdorda bashorat qilinayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Endi tahlilni birmuncha chuqurlashtiraylik.
4 958,8 mlrd. so‘mlik daromadlarning 1,0 trln. so‘mligi jismoniy shaxslardan undiriladigan daromad solig‘idan iborat ekanligini ko‘rish mumkin. Bir qarashda bu juda katta raqam, hattoki daromadlardagi ulushi ham 20,0 foizga teng. Tanganing boshqa tomoniga e’tibor qarataylik: daromad solig‘i 1,0 trln. so‘mga teng bo‘lishi uchun ish haqi fondi 8,3 trln. so‘mni tashkil etishi (soliq stavkasi 12 foiz), bu esa 300 ming kishi o‘rtacha hisobda oyiga 2,3 mln. so‘mlik maoshga ega bo‘lishini anglatadi. Bu real narsa. Lekin nima uchun 2 millionga yaqin mehnatga layoqatli aholining atigi 15 foizi daromad solig‘i to‘lovchisi sifatida amal qilyapti, degan savol deputatlarni qiynamayotganiga hayron bo‘lmasdan ilojimiz yo‘q.
Ma’lumki, inson qarigan chog‘ida ijtimoiy jihatdan himoyalangan bo‘lishi kerak. Tegishli mehnat stajiga ega bo‘lsa-da, o‘z vaqtida ish haqiga ega bo‘lganligini davlat idoralari oldida isbotlay ololmasa, qoniqarli pensiyadan umid qilmasa ham bo‘ladi. Tasavvur qiling, viloyat aholisining 1,7 million nafari shunaqa holatda, ya’ni ularga ish haqi hisoblanmayapti, bu esa vaqti kelganda munosib qarilikdan mahrum bo‘lishga asos bo‘ladigan sababdir. Endi bunday tashvishli vaziyatdan chiqishning mavjud imkoniyatlari to‘g‘risida bosh qotirib ko‘raylik.
Sir emas, mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘ziga xos tarkibiy tuzilish shakllandi, ya’ni uning tashkiliy sektor doirasi tor darajadagi ko‘rinishga ega bo‘ldi. Buning isboti sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yarmidan ko‘pi yakka tartibda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlar yordamida ishlab chiqarilayotganini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Agrar sohaning tashkiliy sektoridagi holatni ham ijobiy baholab bo‘lmaydi. Misol uchun, 50 gektar va undan ko‘proq yer maydoniga ega bo‘lgan fermer xo‘jaliklarida doimiy va rasman band bo‘lgan kishilarning soni 6-7 kishidan oshmaydi. Ularning aksariyat qismida texnik-muhandis, iqtisodchi yoki hisobchi lavozimi shtat birliklarida ko‘zda tutilmagan. 20 ming gektar va bundan ko‘proq sug‘oriladigan yerlarda dehqonchilik amalga oshiriladigan tumanlarda ko‘pi bilan 10-15 agronom faoliyat ko‘rsatadi, xolos.
Yaqin kelajakda meva-sabzavot eksportini yiliga 7,0 mlrd. dollarga yetkazish va shuning evaziga tashqi savdo faoliyatidagi salbiy saldoni imkon qadar qisqartirish, yuqori sur’atlar bilan o‘sib borayotgan aholining ratsional ovqatlanishini ta’minlashdek vazifalar dolzarbligi yuqorilab bormoqda. Shu nuqtai nazardan agrar soha tashkiliy doirasini kengaytirish borasidagi ishlarni zamon talabiga javob beradi, deb bo‘lmaydi. Dehqon xo‘jaliklari tashkil etish bilan birga yirik, kompleks tarzda mexanizatsiyalashgan, sabzavotchilik va kartoshkachilikka ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etish yo‘lga qo‘yilsa, ham iqtisodiy samaradorlik oshadi, ham ijtimoiy masalalarning hal etilishiga keng yo‘l ochiladi. Oddiy hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat viloyat agrar sohasini isloh qilish va shu hisobdan uning tashkiliy sektor doirasini kengaytirish hisobidan jismoniy shaxslar to‘laydigan daromad solig‘i bazasini ikki-uch marotaba oshirish mumkin.
G‘allaning xarid narxlari oshirilishi natijasida un va nonning narxlari taxminan ikki barobar oshdi, bu esa aholi, ayniqsa qishloq aholisining aksariyat qismini qiyin ahvolga solgani aniq. Shu o‘rinda vaziyatni yumshatishga qaratilgan jiddiy bir imkoniyatdan foydalanish mumkinligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Gap shundaki, rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra sanoat yo‘li ishlab chiqariladigan non mahsulotlari ishlab chiqarish yildan yilga qisqarib bormoqda. Samarqand shahrining o‘zida bir qator non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi va bunga muayyan iqtisodiy-tashkiliy omillar sabab bo‘lganini mutasaddi shaxslar juda yaxshi tushunadi. Bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri, bu ushbu sohada vujudga kelgan vaziyatni chuqur tahlil qilish, mavjud korxonalarni rekonstruksiya qilish, lozim topilsa yangi korxonalarni ishga tushirish hisobiga aholini sifatli va cho‘ntakbop non mahsulotlari bilan ta’minlashdir. An’anaviy tarzda non yopishni imkon qadar qisqartirish - energiya resurslari, qishloq ayollarining qimmatli vaqtini samarasiz ishlatilishini oldini olinishi bilan birga hayotiy zarur bo‘lgan mahsulotni sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish yo‘li bilan ishlab chiqarishga keng yo‘l ochib beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu taklif o‘zining mantiqiy yakunini topgan taqdirda, viloyat sanoatida taxminan 8-10 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi, mahalliy byudjetga salmoqli hajmdagi qo‘shimcha daromadlar kelib tushishi kafolatlanadi.
Mahalliy byudjetni shakllantirishda katta o‘ringa ega bo‘lgan moliyaviy manbalardan biri – bu foyda solig‘idir. Foyda - bu tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdagi eng oliy maqsad ekanligini ham yaxshi bilamiz. Faqat moliyaviy natijalar nafaqat tadbirkorga, balki davlat va jamiyat a’zolariga ham teng xizmat qilishi lozim. Mahalliy byudjet daromadlarining 355 mlrd. so‘mi yuridik shaxslardan undiriladigan foyda solig‘i hisobidan shakllanishi, bu esa hattoki jismoniy shaxslardan undiriladigan soliqdan 3 marotaba kam ekanligi, mahalliy byudjetga tegishli munosabatlar, uning hisob-kitoblarida jiddiy nuqsonlar mavjudligini anglatadi. Buning ob’yektiv sabablari borligini ham tan olish kerak, albatta.
Minglab sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohasi va boshqa yuridik shakldagi korxonalar foyda solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi. Soliq inspeksiyalarida ular faoliyatini monitoring qilish, kameral nazorat bilan shug‘ullanadigan xodimlar sanoqli ekanligi bilan birga, ularning kamdan-kam qismi turli xil texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish xarajatlarini tahlil qilish qobiliyatiga ega. Shu sababdan soliq bazasini hisoblash o‘ta og‘ir masala ekanligini tushunish qiyin emas. Tushunarsiz bo‘lgan boshqa narsalar bor. Misol uchun, Samarqand shahri bo‘yicha hisoblangan foyda solig‘ining atigi 10 foizi uning byudjetida qoldirilishi. Bunday sharoitda shaharning iqtisodiy blok xodimlari korxonalarning yuqori rentabellik bilan ishlashiga manfaatdor bo‘ladimi? Xuddi shunga o‘xshash boshqa bir misol. Jismoniy shaxslar daromad solig‘ining 22 foizi shahar byudjetida qoldirilishi hududiy iqtisodiyotning tashkiliy sektorini kengaytirish, soyagi iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirishga manfaatdorlik yo‘qligini bildiradi.
Yakuniy xulosa sifatida quyidagilarni ta’kidlash lozim.
Birinchidan, yuqorida qayd etilgan nomutanosibliklar va nuqsonlar markazlashgan boshqaruvning mantiqsiz asoratlaridir.
Ikkinchidan, hududiy iqtisodiyot rivojlanishi uchun tegishli, jumladan moliyaviy munosabatlarga tegishli qoida, tartib va qonunlar zamonaviy talablar darajasida ishlab chiqarilmagan.
Uchinchidan, mahalliy boshqaruv organlarida tashabbuskorlik yetishmasligi, boqimandalik kayfiyatidan voz kechish qiyin kechayotgani natijasida hududiy iqtisodiy faoliyat past darajadagi samaradorlik bilan amalga oshirilyapti.
Umid qilamizki, ijtimoiy davlat tamoyillariga mos keladigan chora-tadbirlar yaqin kunlarda ishlab chiqariladi va ular 2023 yilning ishchi dasturida o‘z aksini topadi.
Ilhom Vafoyev,
iqtisodchi.