2024 yil uchun “hayratlanarli prognozlar” taqdim etildi

Daniyaning "Saxo Bank" investitsiya banki 21 yil davomida o‘z bashoratlarini taqdim etib keladi. Tahlilchilar ushbu bashoratlarni "bozorlarga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lmagan hodisalar" deb qarashsa-da, ammo e’tibordan chetda qoldirishmaydi. Quyida "Saxo"ning 2024 yil uchun ayrim bashoratlarini havola etamiz.

Saudiya Arabistoni Chempionlar ligasini bir barrel neft 150 dollar holatida sotib oladi

Saudiya Arabistoni neft daromadlariga qaramligini kamaytirish hamda “sayyohlik, hordiq va ko‘ngilochar joy”ga aylanish uchun iqtisodiyotini tubdan qayta ko‘rib chiqmoqda. 2024 yil o‘rtalarida Brent nefti bir barrel uchun 150 dollargacha ko‘tariladi, bu Saudiya Arabistoniga Chempionlar ligasini sotib olish imkonini beradi. Mamlakat rasmiylari eng nufuzli futbol turnirlaridan birini global klublar musobaqasiga aylantirmoqda. Jahon Chempionlar Ligasining aksariyat o‘yinlari Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadi.

Vazn yo‘qotish tufayli global sog‘liq inqirozi

"Semizlik uchun mo‘’jizaviy dori" - glyukagonga o‘xshash peptid-1 asosidagi preparatning mashhurligi butun dunyo bo‘ylab o‘smoqda. Dori narxi pasayib, rasmiylar uni asosiy dorilar ro‘yxatiga qo‘shgan. Dori yetkazib berish ommaviy talabga javob bermagani sabab uni yillar davomida kutishadi. Odamlar jismoniy mashq va sog‘lom ovqatlanishni to‘xtatadi, bu esa jiddiy sog‘liq inqiroziga olib keladi. Dunyo bo‘ylab katta yoshdagi semizlik darajasi hozirgi 39 foizdan 45 foizga ko‘tariladi.

Sun’iy intellektdan milliy xavfsizlik inqiroziga

Firibgarlar rivojlangan mamlakatlarda yuqori martabali amaldorning dipfeykidan foydalanib, o‘ta maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritmoqda va bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng katta milliy xavfsizlik inqirozini keltirib chiqarmoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylari sun’iy intellektga qarshi kurashni boshladi. Jamiyatda yangiliklarga nisbatan ishonchsizlik kuchayib bormoqda, ularning 90 foizga yaqini sun’iy intellekt tomonidan ishlab chiqariladi, shuning uchun ham rasmiylar yangiliklarni faqat kichik bir guruh tashkilotlarga tarqatishga ruxsat bergan.

Kichik Robert Kennedi AQSh prezidenti bo‘ladi

2024 yilda AQSh tarixida birinchi marta uchinchi partiya nomzodi kichik Robert Kennedi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonadi. Uning "urush qo‘zg‘atuvchi demokratlar va korporativ elitaga qarshi" qaratilgan populistik xabarlarini norozi demokratlar ham, respublikachi Donald Tramp tarafdorlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda. “Saylovchilar keskin tengsizlik, adolatsizlik va cheksiz urushlarga chek qo‘yishni talab qilayotgan bir paytda, Qo‘shma Shtatlarda plutokratiyadan keskin yuz o‘girgan yangi siyosiy davr boshlanmoqda”.

Shuningdek:

• Savdo kamomadiga ega bo‘lgan oltita davlat boshqa mamlakatlar bilan jahon savdosining yangi shartlarini birgalikda muzokara qilish uchun yangi "Rim klubi"ni tashkil qiladi.
• Yaponiya banki davlat obligatsiyalarining daromadliligi bo‘yicha o‘zining qattiq chegarasidan voz kechadi, bu esa global obligatsiyalar bozorlarining qulashiga olib keladi.
• Yevropa Ittifoqi milliarderlarga 2 foizlik soliq joriy qiladi, bu esa hashamatli tovarlarga talab pasayishiga va LVMH, Porsche va Ferrari aksiyalarining pasayishiga olib keladi.