211 nafar fuqaroni Koreyaga ishga jo‘nataman, deb aldagan xususiy bandlik agentligi yopildi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Navoiy xususiy bandlik agentligi” MChJga 2019 yil 14 fevralda berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etuvchi 0039-sonli litsenziya to‘xtatilganligini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, “Navoiy xususiy bandlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslari xorijda ishga joylashish istagida agentlikka murojaat qilgan jami 211 nafar fuqaroni Janubiy Koreya Respublikasida malaka talab qilinmaydigan bo‘sh ish o‘rinlariga ishga yuborish, ularga 2 ming AQSh dollari miqdorida oylik ish haqi berilishiga ishontirib, firibgarlik yo‘li bilan ularning har biridan 3 million so‘mdan jami 633 million so‘m olib, pul mablag‘larini o‘zlashtirgan va belgilangan muddatda fuqarolarni ishga yubormagan.

Shunga ko‘ra, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 45 va 46-bandlariga muvofiq “Navoiy xususiy bandlik agentligi” MChJ litsenziyasini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish ikki davlat Mehnat vazirligi tomonidan imzolangan Anglashuv memorandumi asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, Ye9 viza bilan fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga joylashtirish vakolati faqatgina Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi zimmasiga yuklatilgan. Koreya Respublikasida ishga joylashtirish xususiy bandlik agentliklari vakolatiga kirmaydi.