Samarqandlik “uddaburon Mavlonboy”ning 7,5 yillik qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldi
U 27 nafar fuqaroni yoki ularning farzandlarini Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish uchun hujjatlarini rasmiylashtirish va imtihondan o‘tkazib berishlikni va’da qilib, jami 80 ming 900 AQSh dollari olgan.
Odatda biror shaxs ishga joylashsa, hamma undan qanday qilib yoki nimaning evaziga bunga erishganligini bilishga va undan foydalanishga urinadi.
Misol sifatida keltirmoqchi bo‘lgan holatda ko‘plab fuqarolar, chet elga ishga borish va mehnat qilib katta daromad topish ilinjida “uddaburon Mavlonboy”ga murojaat qilgan. O‘zi yoki farzandini Janubiy Koreyaga yuborish uchun jamg‘armasidan yoki qarzga pul olib, hojatini chiqarishni so‘ragan.
Jinoyat ishidagi dalillarga ko‘ra, Mavlonboy o‘zining firibgarlik faoliyatini 2012 yilda boshlagan. U fuqarolarni Janubiy Koreyaga yuboraman deb, ishonchiga kirib, hujjatlarini rasmiylashtirish va imtihondan o‘tkazib berishni va’da qilib, odamiga qarab, ba’zilaridan 1000 dollardan 8000 dollargacha bo‘lgan pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Ammo jabrlanuvchilarni Koreyaga yubormasdan pullarini o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mavlonboy o‘zining firibgarligi haqida murojaat qilgan fuqarolarning murojaatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 2017-2019 yillar mobaynida 4 marta jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni qoplab berganligi bois ozodlikdan mahrum qilish bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
2020 yil 1 iyulda Mavlonboyga nisbatan firibgarlik faoliyati yuzasidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplamaganligi sabab sud beshinchi jinoyat ishi bo‘yicha 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Shundan keyin firibgarlik faoliyati davomida tuzog‘iga ilingan jabrlanuvchilar haqida “aybiga iqrorlik” arizasi bilan tergov organiga murojaat qilib, esida qolgan jabrlanuvchilar haqida ma’lumotlarni taqdim etgan.
Dastlabki va sud tergovi davomida to‘plangan dalillarga ko‘ra, Mavlonboy firibgarlik faoliyati yuzasidan 27 nafar fuqaroli yoki ularning farzandlarini Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish uchun hujjatlarini rasmiylashtirish va imtihondan o‘tkazib berishlikni va’da qilganligi, ularga 80 ming 900 AQSh dollari miqdorida moddiy zarar yetkazganligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudining 2020 yil 9 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, Mavlonboyga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararning hukm chiqarish kunidagi miqdorda undirish belgilandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2021 yil 12 yanvardagi ajrimi bilan Mavlonboyning o‘ziga tayinlangan jazoni yengillashtirish haqidagi apellyasiya shikoyati oqibatsiz, sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.
T.Qodirov,
Camarqand viloyati sudi sudyasi.