22 may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuni

Har yili 22 may kuni Xalqaro bioxilma-xillik kuni nishonlanadi. Ushbu kun 1995 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan maxsus rezolyusiya bilan e’lon qilingan va 2001 yildan buyon nishonlanib kelinmoqda.

2021 yilning kun mavzusi: Biz yechimning bir qismimiz

Biologik xilma-xillik yoki bioxilma-xillik - bu Yerdagi hayotning xilma-xilligini barcha ko‘rinishlarida ifodalash uchun ishlatiladigan atama. Hozirgi kunda mavjud bo‘lgan biologik xilma-xillik tabiiy jarayonlar va antropogen omillarning kuchayib borayotgan ta’siri ostida milliard yillar davom etgan evolyusiyaning natijasidir.

Bioxilma-xillik ko‘pincha o‘simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlarning xilma-xilligi boyligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi. Hozirda 1,75 millionga yaqin turlar tasvirlangan, ularning aksariyati hasharotlar kabi mayda jonzotlardir. Olimlar fikriga ko‘ra, turlarning haqiqiy soni taxminan 13 millionni tashkil etadi, ammo bu ko‘rsatkich turli xil hisob-kitoblarga ko‘ra, 3 dan 100 milliongacha o‘zgarib turadi.

Biologik xilma-xillik hozirgi va kelajak avlodlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan global boylik ekanligi tobora kuchayib borayotganiga qaramay, inson faoliyati natijasida yovvoyi flora va fauna turlarining soni tez sur’atlar bilan kamayib bormoqda.

Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya xalqaro huquqiy hujjat bo‘lib, uning uchta asosiy maqsadi bioxilma-xillikni saqlash, undan barqaror foydalanish va genetik resurslardan foydalanish natijasida kelib chiqadigan foydalarni adolatli va teng taqsimlashdir. Bugungi kunga kelib ushbu Konvensiya 196 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Biologik xilma-xillik muammosi - butun insoniyatning muammosi

Biz ichadigan suvning sifati, ovqatimiz va nafas olayotganimiz tabiatimizning sog‘lom bo‘lishiga bog‘liq. Kunning “Biz yechimning bir qismimiz” mavzusi o‘tgan yilgi mavzuni davom ettiradi va tabiat va hayotni unga mos ravishda saqlab qolish sohasida insoniyatning birdamliginini namoyish etish imkoniyatini beradi.

 Biologik xilma-xillikning pasayishining aksariyati inson faoliyati natijasidir va iqtisodiy rivojlanishga jiddiy xavf tug‘diradi. So‘nggi 20 yil ichida olib borilgan jadal sa’y-harakatlarga qaramay, biologik xilma-xillik yashash joylarini yo‘q qilish, tabiiy resurslarni haddan tashqari ko‘p ishlatilishi, suv va tuproqning ifloslanishi va invaziv begona turlarning paydo bo‘lishi kabi omillar tufayli kamayishda davom etmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, tabiiy resurslar hayotni ta’minlash tizimimizning asosidir. Genetik resurslarni, turlarni va ekotizimlarni muhofaza qilish va saqlash biologik resurslardan barqaror foydalanishni ta’minlash uchun shoshilinch va hal qiluvchi harakatlarni talab qiladi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.