22 yil davom etgan uyqu: Ivan Kachalkin podshoh davrida uxlab, SSSRda uyg‘ondi

Bosh qahramonga aylanib qolgan yigit o‘sha paytda o‘ziga xos sensatsiyaga aylanib qoldi. U haqida gazetalarda maqolalar bosilar, odamlar bu voqea nima bilan tugashini intizorlik bilan kutishardi. Xo‘sh, bu voqea qanday boshlangan edi?
Moskvalik dvoryan Ivan Kuzmich Kachalkin juda ta’sirchan edi, u hamma narsani yurakdan qabul qilar, shu sababli tez-tez depressiya holatida bo‘lib, tushkunlikka tushardi.
Ishonchli monarxist, ayniqsa, o‘z mamlakati, hukmdorlarining hayoti uchun qayg‘urardi. Yigit har doim bosma nashrlardagi imperatorlar haqidagi yozuvlarni kesib olib, ularni alohida albomga joylashtirar edi.
Hatto yoshligida ham Ivan imperator Aleksandr III-ga suiqasd uyushtirilganida juda xafa bo‘lgan. Imperator vafot etganida Kachalkin butunlay tushkunlikka tushib uxlab qoldi va u 22 yil uyg‘onmadi.
Uyquning tushunarsiz tabiati
Shu yillar davomida Ivan yotoqda umuman qimirlamasdan yotdi. Avvalida u hayot alomatlarini ko‘rsatardi, keyin esa butunlay o‘likka o‘xshab qoldi.
Bu voqea olimlarni shoshiltirib qo‘ydi, ular tadqiqot o‘tkaza turib, letargik uyquning mohiyatini aniqlay olmadi. Hatto akademik Pavlov ham yigitning holatini kuzatgani keldi, u Ivan tanasidagi tegishli joylarga bolg‘a bilan urib, ba’zi reflekslarni topishga umid qildi. Terisi oqarib ketgan Kachalkin esa qorachiq va qovoqlarini qimirlatmasdan, harakatsiz yotardi.
Hayotga qaytish
Ushbu uyqu paytida ikkita urush, ikkita inqilob ro‘y berdi. Yaqinlari uni zond orqali to‘yintirib turishardi. Bir kuni to‘satdan u uyg‘ondi. Ma’lum bo‘lishicha, bu uyg‘onish ham Ivanning kuchli his-tuyg‘ulari tufayli sodir bo‘lgan ekan. U atrofida sodir bo‘layotgan barcha narsani tushungan, imperator Nikolay II-ning og‘ir ahvoli va uning o‘limi haqidagi xabarni eshitgach, qichqirib yubordi va uyg‘onib ketdi.
Shifokorlar darhol uning oldiga kelishdi. Bemor kuzatilganidan so‘ng, uning mutlaqo sog‘lom ekanligi aniqlandi. Xotirasi joyida, barcha organlar to‘g‘ri ishlayapti, degan xulosaga kelgan shifokorlar faqat Ivanning ruhiy holatidan xavotirda bo‘lardi.
Tez orada Kachalkin o‘ziga keldi. Keyin u shifokorlarga uxlab yotgan davrda atrofida sodir bo‘lgan hamma narsani tushunib turganini, biroq mushaklari shu qadar og‘ir bo‘lganligi tufayli u qimirlay olmasligi va nafas olishi qiyin bo‘lganligini aytib berdi.
Afsuski, Kachalkin uyg‘onganidan keyin uzoq yashamadi, u o‘sha yili vafot etdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.