274 xodim intizomiy javobgarlikka tortildi, tizimlar raqamlashtirishga o‘tkazilmoqda

Bu haqda viloyat Matbuot uyida prokuratura xodimlari ishtirokida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

- Viloyatda korrupsiyaviy omillarni tahlil qilib borish uchun doimiy ishlovchi shtab tashkil etilgan, - deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Xurshid Musurmonov. – Ushbu shtab orqali 88 ta davlat idoralariga xodimlar biriktirilgan. Har oyda bitta sohani korrupsiyaviy holatlar hamda ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini o‘rganish bo‘yicha reja-jadval ishlab chiqilib, natijasi hududiy Kengashda tanqidiy muhokama qilib kelinmoqda.

Jumladan, o‘tgan davrda soliq, bandlik, qurilish, sog‘liqni saqlash, kadastr, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamda ularning quyi tizimlarida o‘rganishlar o‘tkazilib, 274 nafar xodimlar intizomiy, 20 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 35 nafari rotatsiya va 63 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Matbuot anjumani davomida korrupsion holatlar ko‘p uchraydigan soha hamda tarmoqlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Xususan, ko‘p qavatli uylarni boshqarish kompaniyalari uchun “Shaffof uy” dasturi ishlab chiqilib, fuqarolarga to‘lagan mablag‘lar evaziga ko‘rsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlarni kuzatish, ovoz berish, shikoyatlar yuborish va qo‘shimcha xizmatlarga buyurtma qilish imkoni yaratilgan. 29 nafar Davlat mehnat huquq inspektorlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olish hamda huquqbuzarlikni joyida rasmiylashtirish maqsadida planshetlar bilan ta’minlanib, “Ye-ma’muriy ish” dasturiga  integratsiya  qilingan.

Soliq xodimlari 423 dona “Sayt–termoprinter” uskunasi hamda Samarqand va Oqdaryo tumanlaridagi 46 nafar xodimlar bodikameralar bilan ta’minlangan. Natijada, joriy yilning dastlabki 5 oyida jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i o‘rtacha oylik 63,5 mlrd. so‘mdan, undirilgan bo‘lsa, raqamlashtirishdan so‘ng ko‘rsatkichlar iyun oyining o‘zida 75 mlrd. so‘mni, oktyabr oyiga kelib 126,3 mlrd so‘mni tashkil  etgan.

Shuningdek, jamoat transporti vositalariga GPS o‘rnatilib, “Wialon” dasturiga ulandi, sug‘orish tarmoqlariga 1 820 ta “Aqlli suv” qurilmalari o‘rnatilgan, qurilishda mualliflik nazorati o‘rnatishga qaratilgan “Muallifnazorat” elektron dasturi ishlab chiqilgan.