28 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar aniqlandi

Joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand viloyatida yer qa’ridan foydalanuvchi va qayta ishlovchi 28 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektda o‘rganish o‘tkazildi. Mazkur jarayonga marksheyderlik xizmati tashkilotlaridan malakali mutaxassislar jalb qilinganini ta’kidlash lozim. O‘rganishlar 25 ta korxonaning o‘zida tashkil etilgan bo‘lsa, 3 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt soliq idoralari ma’lumotlari asosida o‘rganildi.

Yer qa’ridan foydalanish jarayoni tegishli ruxsatnoma (litsenziya) asosida amalga oshiriladi. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga nazar solsak, 20 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektning qum-shag‘al aralashmasini ruxsatnoma olmasdan qazib olganiga guvoh bo‘lamiz. Buning natijasida 390,6 million so‘m yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq va 326,6 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i byudjetga hisoblanmasdan qolingan. Mazkur holatlar yuzasidan ushbu korxonalarga O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 70-moddasiga asosan talabnomalar rasmiylashtirilib yuborildi. Talabnomalar natijasiga ko‘ra, 12 ta korxona tomonidan 195,5 million so‘mga qayta hisobot va 146,2 million so‘mga asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etildi.

- 3 ta holatda 39,5 million so‘mlik yuborilgan talabnomalar ijro muddati kelmagan, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi Xusen Abdullayev. - Ta’kidlash lozimki, 2 ta holatda yer qa’ridan foydalanish uchun tegishli ruxsatnomasi (litsenziya) mavjud bo‘lib, mazkur korxonalarning soliq organiga taqdim etilgan hisobotlari marksheyderlik xizmati mutaxassislari ma’lumotnomasi bilan solishtirilganda farq aniqlanmadi.

Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi 3 ta korxona faoliyati bo‘yicha soliq idoralarida o‘tkazilgan kameral nazorat natijasida jami 572,2 million so‘mga yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i uchun qayta hisobotlar olinib, byudjetga to‘liq undirildi.

Samarqand viloyati davlat

soliq boshqarmasi

 axborot xizmati.