2984 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt nega hisobot topshirmadi?

Hisobotlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri topshirgan intizomli soliq to‘lovchilarining faoliyati doimo unumli bo‘ladi.
Joriy yilning yanvar oyida Samarqand viloyati bo‘yicha jami 34 ming 596 xo‘jalik yurituvchi sub’yekt jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobotlarini topshirishi kerak edi. Amalda 28 ming 390 sub’yekt hisobotlarni soliq hisoblagan holda topshirgan. 3222 xo‘jalik yurituvchi sub’yekt esa “nol” hisobot topshirgan. 2984 xo‘jalik yurituvchi sub’yekt hisobotlarni taqdim qilmagan.
– “Nol” hisobot topshirgan 19 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektdan 53 nafar xodim uchun qayta hisobotlar olindi, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi kameral nazorat bo‘limi boshlig‘i Ravshan Imomov. – Masalan, Ishtixon tumanidagi “Hidoyat ziyosi” korxonasi 15 nafar, Samarqand shahridagi “Amirjon komfort stil” mas’uliyati cheklangan jamiyati 6 nafar, Urgut tumanida faoliyat yurituvchi “Binokor star” mas’uliyati cheklangan jamiyati 6 nafar, “To‘ti Xoliqova” xususiy korxonasi 4 nafar xodim uchun qayta hisobot topshirdi. Qayta olingan hisobotlar natijasida 46 million 491 ming 616 so‘m ish haqi fondidan 5 million 703 ming 193 so‘m 9 tiyinlik daromad solig‘i hisoblandi.
Umid ALIMOV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.