33 nafar fuqaro ishlash uchun Qozog‘istonga jo‘nab ketdi
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Qozog‘iston Respublikasi ish beruvchilari o‘rtasida pandemiya davrida O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ish bilan ta’minlash maqsadida olib borilgan muzokaralar natijasida mamlakatning turli hududlarida mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilib, ularga O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Ushbu kelishuvga muvofiq, ishchilarning birinchi guruhi - 33 nafar fuqaro 29 iyun kuni “G‘isht Ko‘prik – Jibek Joli” chegara posti orqali yirik qurilish ob’yektlarida belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda ishlash uchun Qozog‘iston Respublikasining Sharqiy Qozog‘iston viloyatiga tashkillashtirilgan holda jo‘nab ketdi.
Ta’kidlash joiz, joriy yilning aprel oyida Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekiston va Qozog‘iston mehnat migrantlari faoliyati va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi.
Mazkur hujjatda ikki davlat hududlarida migratsiya oqimini tartibga solish va noqonuniy mehnatning oldini olish, shuningdek, kelishuvga binoan Qozog‘istonda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik hamda O‘zbekistonda ishlayotgan qozog‘istonlik mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish ta’minlanadi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Qozog‘iston Respublikasiga ishga ketayotgan fuqarolarga xorijda ishlash davrida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan vaqtda huquqiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan tarqatma materiallar tarqatildi.