3,5 mingdan ortiq odamni o‘ldirishda ayblangan natsist sudlanmoqda

Yuzini karton papka bilan yopib olgan 100 yoshli Yozef Shuts Germaniyaning Brandenburg sudi oldida hozir bo‘ldi. Zaksenxauzen fashistlar konslagerining sobiq qo‘riqchisi 3,5 mingdan ortiq odamni o‘ldirishda ayblanmoqda.

Zaksenxauzen - fashistlar mahbuslarni ommaviy qirg‘in qilish usullarini o‘rganadigan o‘ziga xos o‘quv poligoni edi. Urush yillarida bu yerda o‘n minglab odamlar dahshatli qiynoqqa solingan va o‘ldirilgan.

Jarayonda qurbonlarning yaqinlari va tirik qolgan sobiq mahbuslar qatnashdi. Kela olmaganlar ham sudni diqqat bilan kuzatishdi. Me’mor Antuan Grumbax, fransuz qarshiligi jangchisi, 1944 yilda Zaksenxauzenda o‘ldirilgan Jan Grumbaxning o‘g‘li.

"Lagerda nafaqat u, balki o‘zini tuta olmagan ko‘plab qo‘riqchilar bor edi va nima deyilishidan qat’i nazar, ular sherik bo‘lishgan", deydi ayblanuvchi haqida Antuan Grumbax.

Yozef Shuts uch yil davomida Zaksenxauzenda nazoratchi bo‘lib ishlagan. U aybini tan olmadi, kechirim so‘rash va guvohlik berishdan bosh tortdi.

"Adolatni shuncha yillar kechikishi… bu sudlar, bu jarayonlar Germaniya sud organlarining fashist-jinoyatchilar ishlariga e’tiborsizligi bois juda kech sodir bo‘lmoqda. O‘nlab yillar ularga ayblov qo‘yilmagan, voqealar oxirigacha o‘rganilmagan", deydi Osvensim Xalqaro qo‘mitasi vitse-prezidenti Kristof Xebner.

Yozef Shutsning jinoiy javobgarlikka tortilishiga 2011 yilda Polshadagi natsistlar qurgan «Sobibor» o‘lim lageri qo‘riqchisi Ivan Demyanyuk ustidan o‘tkazilgan sud jarayonidan keyin imkon bo‘ldi. Qolaversa, ayblov qo‘yilishi uchun konslagerda xizmat qilganining o‘zi yetarli.

G.Xoldorova tayyorladi.