375 ta murojaat ko‘rib chiqilib, aksiyadorlarga salkam 5 milliard so‘m divident undirib berildi

Prezidentimizning joriy yil 14 yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2019 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasining Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tashkil etilgandi.

Kapital bozorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish uchun Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 700 ming dollar miqdorida texnik yordam jalb qilingandi. Agentlik mas’ul idoralar bilan hamkorlikda Kapital bozorni rivojlantirish strategiyasi va konsepsiyasini ishlab chiqdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi asosida tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining Kapital bozorini rivojlantirish idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bu haqda Kapital bozorni rivojlantirish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan “Respublikada kapital bozorini rivojlantirishning istiqbollari hamda sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusidagi seminarda ma’lumot berildi.

Seminarda 4,7 trillion so‘mlik aksiya va 150 milliard so‘mlik korporativ obligatsiyalar davlat ro‘yxatiga olinganligi va hukumat qarorlariga asosan joriy yilda yirik moliyaviy korxonalarning aksiyalari IPO va SPO usulida ommaviy savdolarga joylashtirish uchun ko‘maklashilmoqda. Yuridik va jismoniy shaxslarning 375 ta murojaati ko‘rib chiqilib, aksiyadorlarga 4,9 milliard so‘m divident undirib berildi.

O‘ktam XUDOYBERDIYEV.