Samarqandda aksiyadorlarning dividendlari undirib berildi
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi viloyat xududiy boshqarmasining aralashuvi bilan joriy yilda aksiyadorlarga 21 984 950 so‘m dividend undirib berildi.
Viloyatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 27 ta qimmatli qog‘ozlar emitentlari aksiyadorlar reyestridagi ma’lumotlar bo‘yicha jami 15 634 nafar qimmatli qog‘ozlar egasi hisoblanadi.
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan aksiyador o‘ziga oid ma’lumotlardagi o‘zgarishlar haqida uning aksiyalarga bo‘lgan huquqlarini hisobga olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Markaziy depozitariy va investitsiya vositachisini o‘z vaqtida xabardor qilishi shart. Aksariyat hollarda aksiyadorlar o‘zlariga oid ma’lumotlarni o‘zgarganligi haqida Markaziy depozitariyni yoki investitsiya vositachisini o‘z vaqtida xabardor qilmayotganliklari ham amaliyotda uchrab turibdi.
Ammo hanuzgacha ayrim aksiyadorlik jamiyatlarida sobiq tuzum davrida berilgan pasport yoki biometrik pasport berilgunga qadar bo‘lgan eski pasport ma’lumotlari asosida aksiyadorlar hisobi yuritilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, aksiyadorlarga dividend to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lanmayotganligi aksiyadorlar o‘zlariga oid ma’lumotlarning o‘zgarganligi haqida qimmatli qog‘ozlar bozorida faoliyat yuritish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan investitsiya institutlarini xabardor qilmaganligi ham sabab bo‘ladi.
Aksiyadorlar esa o‘zlariga tegishli (pasport, plastik karta raqami, tranzit raqami) ma’lumotlarni o‘zgarganligi haqida xizmat ko‘rsatuvchi investitsiya institutlarini o‘z vaqtida xabardor qilib borishlari lozim.
Norboy JO‘LMATOV,
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi
viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.