4 nafar o‘zbekistonlikni qul qilib ishlatgan ona-bola qo‘lga olindi

Moskva viloyatida yashovchi tojikistonlik ona va o‘g‘il O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosini qullikka olib, ularni o‘z dalalarida ishlashga majbur qiladi, deya xabar qilmoqda "Vesti" telekanali.
Xabarda aytilishicha, o‘tgan iyun oyida Serpuxov tumanida yakka tartibdagi xo‘jalik sohibi 29 yoshli shaxs O‘zbekistondan to‘rt kishini olib kelib ishlatadi. Lekin 15 kunlik ish uchun 250 dollar to‘lash haqidagi va’dasini bajarmaydi. Bundan tashqari gumonlanuvchining 51 yoshli onasi kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish bahonasida ishchilarning qo‘lidan pasportini olib qo‘yadi.
Noqonuniy muhojirlar noqulay ahvolga tushib qolgan va faqat oziq-ovqat uchun ishlagan. Natijada, ular politsiyaga murojaat qilishgan.
Ayni damda tergov ishlari olib borilmoqda. Tojikiston fuqarolariga 10 yil qamoq jazosi berilishi mumkin.