4-sinf o‘quvchisini urgan direktor o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Oqdaryo tumanida direktor o‘rinbosari 4-sinf o‘quvchisi bo‘lgan 10 yoshli bolani kaltaklagani aytilgan video tarqaldi.

Holatga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Oqdaryo tumanidagi 53-maktabda sodir bo‘lgan. Bundan ikki hafta oldin 53-maktabning 4-V sinfida o‘qiyotgan N.B.ga maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari M.V. qo‘l ko‘targan.

Mazkur hodisa yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Jangirov, tuman XTB mudiri S.Ortiqova va boshqa mas’ullar ushbu holat bo‘yicha o‘rganish va tushuntirish ishlarini olib borgan.

O‘rganish yakunida 53-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari M.V.ning 4-sinf o‘quvchisini kaltaklagani o‘z isbotini topgan. Shundan so‘ng M.B.ga nisbatan intizomiy chora qo‘llanib, u o‘z vazifasidan ozod qilingan.

Shuningdek, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida maktab jamoasi ishtirokida tushuntirish ishlari olib borilgan.