42 nafar biologiya o‘qituvchisi, 200 nafardan ortiq shifokor tayyorlagan ustoz

Xalqaro va respublika fan olimpiadalarida ishtirok etish va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritish uchun o‘quvchida kuchli bilim hamda o‘qituvchining mehnati borligini hamma ham bilavermaydi. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi Dilfuza Nizomovaning o‘quvchilari har yili mana shunday iqtidor talab etiladigan tanlovda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni olib keladi. U bilan bo‘lgan suhbatimiz muallimlik kasbiga qanday mehr qo‘ygani, oiladagi tarbiya va shogirdlari erishayotgan yutuqlar haqida bo‘ldi.   

- Ota-onam go‘dakligimda “Qizim olim bo‘ladi”, deb yostig‘imning tagiga kitob qo‘yib qo‘yar ekan, - deydi D.Nizomova. - Onam Saodat Zubirova Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 15-o‘rta ta’lim maktabida bir umr fizika, matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Dadam Hakim Nizomov maktabda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lgan. Ammo dadam yosh olamdan o‘tdi, men hali qizaloq edim.

Ota-onam bizni yoshligimizdan bilimli bo‘lishimizni istagan va shunga munosib tarbiya bergan. Men oilada to‘rtinchi farzand edim, ya’ni biz 4 nafar qiz va 1 nafar o‘g‘il farzand edik.

Yoshligimda shifokor bo‘lishni orzu qilardim, lekin 10-sinfni bitirayotganimda ko‘richak operatsiyasi bo‘lib qoldim. Shu yili tibbiyot institutiga emas, Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. 1991 yili universitetni imtiyozli diplom bilan tugatdim. Universitetning biologiya fakultetiga meni ishga olib qolishdi. Men olima bo‘lishni juda istardim, ammo turmushga chiqqach, taqdir taqazosi bilan o‘zim o‘qigan Kadan qo‘rg‘onidagi 15-maktabga ishga kirdim. Shu maktabda hozirgacha biologiya fanidan dars berib kelmoqdaman. Ammo bundan xafa emasman, bunda ham bir hikmat bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

Maktabga 1991 yili ishga kirgan bo‘lsam, to‘rt yil ichida oliy toifali o‘qituvchi bo‘ldim. Bilimim yo‘qolib ketmasin deb o‘z ustimda tinimsiz ishladim va o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qildim. Biologiya fanidan ilmiy ishimning mavzusi o‘simliklardan rang olish bo‘lgan. Mana shu ilmiy ishimni maktabda ham davom ettirdim. Dorixonalardan va maktab laboratoriyalaridan jihozlar olib kelib, o‘quvchilarga o‘simliklardan rang olish tajribasini o‘rgatdim. Laboratoriyada ishlaganim bois laboratoriya tajribalarini o‘quvchilarga ko‘rsatish orqali ularni shu fanga qiziqtirdim.

Bu harakatlarim besamar ketmadi, biologiya faniga qiziqqan o‘quvchilarimni har yili fan olimpiadalariga tayyorladim. O‘quvchilarim har yili biologiya, kimyo fanlaridan tibbiyot, pedagogika oliy ta’lim muassasalariga grant asosida o‘qishga qabul qilindi, fan olimpiadalari va iqtidorli o‘quvchilar tanlovlarida g‘olib bo‘ldi. 2021 yildan 2024 yilgacha o‘quvchilarim Al-Xorazmiy nomidagi fan olimpiadasida, biologiya fanidan asosiy fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Shuningdek, joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan xalqaro Ibn Sino fan olimpiadasida o‘quvchim Kamoliddin Ozodov bronza medali sohibi bo‘ldi. Kamoliddin bilan 7-sinfdaligidan beri alohida shug‘ullanib kelaman. U 9-sinfligida biologiya fanidan asosiy fan olimpiadasining tuman bosqichida birinchi, viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi. 2023-2024 o‘quv yilida o‘quvchim 10-sinflar o‘rtasida asosiy fan olimpiyadasining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Bundan tashqari, keyingi yillarda fanlardan milliy sertifikatlar ham berilyapti. O‘quvchilarim Zarina Yusupova, Kamoliddin Ozodov biologiya fanidan milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Bu yutuqlarga erishish uchun tinimsiz mehnat qildim va haligacha o‘z ustimda ishlayman. Sababi, o‘z kasbimni yaxshi ko‘raman. 33 yillik mehnat faoliyatim davomida 42 nafar o‘quvchim kimyo, biologiya fani o‘qituvchisi bo‘ldi. Hozirgi vaqtda to‘rt nafar shogirdim maktabda o‘zim bilan birga ishlayapti. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on tumanining deyarli barcha maktablarida shogirdlarim biologiya fanidan dars berib kelyapti. 200 nafardan ortiq shifokorlar, farmetsevtlar tayyorladim. Birinchi shogirdim Dilbar Mustafoyeva shifokorlik faoliyatida katta natijalarga erishdi. Hozir uning xususiy klinikalari bor. Qanchadan qancha befarzand oilalarga farzandli bo‘lish baxtiga sababchi bo‘ldi. Shogirdlarimdan oftalmolog Shoxruh Xalilov odamlarning ko‘z nurini davolab, xalqqa xizmat qilyapti. Bu men uchun juda katta baxt. Hayotimdan, o‘tayotgan kunimdan nihoyatda roziman.

Albatta, mehnatlarim besamar ketmadi. 2003 yili davlatimiz tomonidan “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, 2021 yilda “Mehnat shuhrati orderi” bilan taqdirlandim. Bundan tashqari, ishga kirganimdan to shu paytgacha har yili maktab, tuman ma’muriyatining faxriy yorliqlari bilan mukofotlanib kelmoqdaman.

Bunday natijalarni qo‘lga kiritishimga onajonim sababchi bo‘ldi. Onam “Sizlarni oliygohlarda o‘qitaman, oliy ma’lumotli qilaman deb, 14 yil bitta ko‘ylakda o‘qituvchilik qilibman”, deb aytardi. Shu gaplari hech qachon yodimdan chiqmaydi. Yana onajonim “O‘z bilimingni xalqqa ber, buning ajr-savobi katta bo‘ladi”, derdi.

Xurshida ERNAZAROVA tayyorladi.