44 ming nafar yoshlar sport murabbiylariga biriktirilishi lozimligi aytilmoqda
Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Feruz Ablayorov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Samarqandda bo‘lib turibdi.
Ishchi guruh ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda boshqarmalar tomonidan o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar, sohadagi muammo va kamchiliklar, joriy yilgi rejalar va “Besh tashabbus olimpiadasi”ning yangi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari atroflicha muhokama qilingan.
F.Ablayarovga ko‘ra, 1 aprelga qadar “Besh tashabbus olimpiadasi”da qatnashish istagini bildirgan yoshlar ro‘yxatini shakllantirish va musobaqalar o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratish lozim. Shuningdek, “Yoshlar balansi” orqali qizil toifaga ajratilgan va unga ko‘ra, ushbu toifaga mansub 44 ming 855 nafar yoshlarni sport murabbiylariga biriktirish, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 2775 nafar yoshlarga amaliy yordam berish va daftarga kirish istagini bildirgan 140 nafardan ortiq yoshlarning arizasini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish kerak.
Tashrif davomida Toyloq, Payariq va Urgut tumanlaridagi sport inshootlarining holati, yoshlar yetakchilarining faoliyati o‘rganilib, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilgan. Ayni paytda o‘rganish ishlari viloyatning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.