5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida Global forum o‘tkaziladi

2022 yil 10 dekabrda insoniyat tarixida birinchi marta insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab kampaniya boshlanadi.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum ushbu kampaniya oldidan tashkil etiladigan nufuzli tadbirdir.

Inson huquqlaridan biri – ta’lim olish huquqi bo‘lib, bu barcha inson huquqlaridan foydalanishga yo‘l ochadigan boshlang‘ich nuqta. Ta’lim olish huquqi – inson huquqlari bo‘yicha ta’limni hamda ushbu huquqlarni o‘rganish, shuningdek jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish usullari, vositalarini ham o‘z ichiga oladi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya – bu inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli bo‘lgan jarayon.

Inson huquqlari sohasida ta’lim haqidagi qoidalar ko‘plab xalqaro me’yoriy-huquqiy hujjatlarga kiritilgan bo‘lib, ushbu standartlarni belgilash jarayoni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2011 yil dekabr oyida BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinishi bilan yakunlandi. Unda aytiladiki:

– har bir shaxs va jamiyatning har bir organi ma’rifat va ta’lim orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga ko‘maklashishi kerak;

– har bir inson ta’lim olish huquqiga ega va ta’lim inson shaxsi va qadr-qimmatini har tomonlama rivojlantirishga, barcha shaxslarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchisi bo‘lishiga imkon berishga va barcha millatlar va barcha irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni rivojlantirishga, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik va xavfsizlikni saqlash hamda taraqqiyot va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashishi lozim.

Global forum o‘tkazish tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 46-sessiyasida ilgari surildi.

Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya barcha uchun inson huquqlarining universalligi, bir butunligi va o‘zaro bog‘liqligi tamoyillariga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumiy hurmat hamda ularga rioya etilishini rag‘batlantirishda fundamental ahamiyatga ega. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim keng ishtirok tamoyiliga asoslanadi hamda o‘quvchilarning ehtiyojlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularga tanqidiy tahlil va amaliy faoliyat uchun zarur bo‘lgan bilim va muhim ko‘nikmalarni beradi. Bu insonlarga o‘z huquqlari to‘g‘risida bilish va ularning samarali qoniqtirilishini talab qilish imkon hamda huquqlarni himoya qilish va ta’minlanishi uchun mas’ul bo‘lgan hokimiyat vakillariga va boshqa shaxslarga ushbu majburiyatlarni bajarish qanchalik muhimligini tushunishga yordam beradi. Bu insonlarning hayotiga ta’sir etuvchi barcha – siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik – qarorlar qabul qilish jarayonlarida to‘la huquqli ishtirokini ta’minlash hamda huquqbuzarlik, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olish uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasini milliy darajada amalga oshirishni faollashtirishga xizmat qiladigan foydali vositadir.

Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni muayyan sektorlar va muammolarga yo‘naltirilgan ketma-ket bosqichlardan iborat:

- birinchi bosqich (2005–2009 yy.) – boshlang‘ich va o‘rta maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan;

- ikkinchi bosqich (2010–2014 yy.) – oliy ta’lim tizimida hamda o‘qituvchilar va murabbiylar, davlat xizmatchilari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiylarni kasbiy tayyorlash dasturida inson huquqlari sohasidagi ta’limga bag‘ishlangan;

- uchinchi bosqich (2015–2019 yy.) – erkin, mustaqil va plyuralistik ommaviy axborot vositalarining adolatni targ‘ib qilish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquqlarini hurmat qilishdagi muhim rolini e’tirof etgan holda inson huquqlari sohasida OAV mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi;

- 2020 yildan 2024 yilga qadar yoshlarni tenglik, inson huquqlariga rioya qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash va o‘qitishga yo‘naltirilgan, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beradigan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.

Ushbu bosqichda davlatlar va tegishli manfaatdor tomonlarga oldingi uch bosqichni amalga oshirishda taraqqiyotga erishish maqsadida sa’y-harakatlarni kuchaytirish va quyidagilarga alohida e’tibor qaratish tavsiya etiladi:

- ayollar, qizlar, bolalarga alohida e’tibor qaratgan holda samaradorlikka erishish va 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish doirasidagi Kun tartibining «hech kimni yoddan chiqarmaslik» maqsadiga muvofiq, zaif ahvoldagi guruhlar va shaxslar bilan o‘zaro aloqalarni o‘rnatish, shuningdek amalga oshirilgan ishlarni muvofiqlashtirish;

- rasmiy va norasmiy ta’lim va tarbiya doirasida, xususan, bolalar va yoshlar bilan ishlaydigan o‘qituvchilar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiyani tashkil etish;

- tegishli tadqiqotlar va baholashni o‘tkazish, ilg‘or tajriba va olingan saboqlar to‘g‘risida ma’lumot almashish, shuningdek barcha mas’ul shaxslar o‘rtasida axborotlarni tarqatish.

Bundan tashqari, inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishda ta’limning roli YuNESKO, XMTning ko‘plab xalqaro hujjatlarida alohida ta’kidlangan.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar bo‘yicha zimmasiga olingan majburiyatlarni bajarish maqsadida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim berishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarining ijrosi yuzasidan Milliy harakatlar dasturi va «Yo‘l xaritasi» qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan 78 ta aniq chora-tadbirlarning amalga oshirilishi nazarda tutilgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi. Ular 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, O‘zbekistonning inson huquq va erkinliklari sohasida xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha dunyoning yetakchi 50 ta davlatlari qatoriga kirishi bilan chambarchas bog‘liq.

Milliy strategiya doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligiga oliy ta’lim muassasalarida, kadrlar, jumladan, sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash o‘quv markazlarida, shuningdek maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida, akademik litsey va kollejlarda «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari» o‘quv kurslarini joriy etish bo‘yicha vazifa yuklatildi.

Forumning ikkinchi kuni doirasida «Inson huquqlari bo‘yicha mahorat darslari» o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda dunyoning turli universitetlarining inson huquqlari bo‘yicha yetakchi professorlari O‘zbekistonning yuridik ta’lim muassasalarida (Toshkent, Samarqand, Namangan, Nukus va boshqalar) inson huquqlarini o‘qitish bo‘yicha «mahorat darslari» o‘tkazadilar. Ushbu «mahorat darslari»ga kirish ham oflayn, ham onlayn ishtirokchilar uchun taqdim etiladi. Bunday ma’ruzalarni e’lon qilish forum boshlanishidan oldinroq amalga oshiriladi.