50 ming AQSh dollari evaziga AQShga yuborishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida firibgarlarning qonunga xilof harakatlariga chek qo‘yish, noqonuniy migratsiyaning oldini olish borasida tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlardan birida yana bir “uddaburon” “hojatbaror”ning qilmishlari fosh bo‘ldi. Aniqlanishicha, fuqaro I.S mahalliy fuqaro Sh.M.ga o‘zining tanishlari orqali AQSh davlatiga kirish vizasini tayyorlab berishini va u yerda yaxshi ish o‘rinlari bilan ta’minlashini va’da qilib, evaziga 50.000 dollar talab qilgan.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.S. oldindan kelishilgan 45.600 AQSh dollari miqdoridagi pulni firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda holat yuzasidan I.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, tergov jarayonlarida I.S.ning boshqa fuqarolardan ham firibgarlik yo‘li bilan olgan mablag‘lari bo‘yicha aniqlik kiritilib, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.