55 qoidabuzarlik haqida haydovchilar xabar berdi
Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga o‘tgan hafta davomida haydovchilar tomonidan kuzatilgan qoidabuzarliklar haqida 55 ta murojaat kelib tushdi.
Boshqarma axborot xizmatining xabar berishicha, haydovchilar tomonidan taqdim etilgan foto va video materiallar asosida 10 holatda svetoforning ta’qiqlovchi qizil chirog‘iga rioya qilmaslik, 15 holatda qarama-qarshi harakatlanish, 15 holatda yo‘l belgilariga amal qilmaslik, 15 holatda yo‘l chiziqlarini bosib harakatlanish bilan bog‘liq qodabuzarliklar qayd etilib, haydovchilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Shuningdek, joriy yilning 26-27 aprel kunlari viloyat bo‘ylab o‘tkazilgan “Avtopatrul” reyd tadbiri davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 1260 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Jumladan, 104 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqarayotgani, 79 nafar haydovchi tegishli hujjatlarsiz harakatlangani qayd etilib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Reyd kunlari 207 ta transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.