55 turdagi mahsulotlar narxlari nazoratga olinadi

Tez kunda hukumatning strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning narxlarini nazorat qilish va barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qarori qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita ushbu qarorning qabul qilinishiga so‘nggi kunlarda Ai-80 markali benzin narxining oshgani va bunga qarshi huquqiy ta’sir choralari yetarliligi keng muhokama qilinayotgani sabab bo‘lganini aytmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur qaror loyihasiga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:
- 45 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar (benzin, ko‘mir, metall, sement va hokazo);
- 10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’mol mahsulotlari (un, go‘sht, non, shakar, o‘simlik yog‘i va hokazo) narxlarining asossiz oshirilmasligini nazorat qiladi.
Mazkur vazifani bajarish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:
- ushbu mahsulotlar narxlarining o‘zgarish dinamikasini monitoring qiladi, ularning tebranishiga ta’sir etgan omillar va ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi;
- narxlarning asossiz o‘sishi, kelishib qilinadigan harakatlar va til biriktirishlar holatlarini aniqlash uchun belgilangan tartibda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning binolariga bevosita kiradi hamda ombordagi mavjud zaxiralarini xatlovdan o‘tkazadi;
- xatlovda aniqlangan mahsulotlarning ortiqcha hajmini savdoga chiqarish, asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma va ko‘rsatmalar kiritadi;
- taqdimnoma va ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmagan taqdirda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.